O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlar muammolarini bartaraf etish nazoratga olindi

Tadbirkorlar muammolarini bartaraf etish nazoratga olindi

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov qishloq xoʻjaligida loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashdi.

Tadbirda shahar-tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari, tijorat banklari, moliya muassasalari, shuningdek, yer resurslari va davlat kadastri xizmati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mutasaddilari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirkorlarning faoliyati oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Unda joriy yilda istiqbolli loyiha sifatida amalga oshirishga kirishilgan, ammo karantin chora-tadbirlari munosabati bilan, qolaversa, 27-aprel kuni boʻlib oʻtgan tabiiy ofatdan talofat koʻrgan 93 ta tadbirkorlik subyekti loyihasi amaliyotiga alohida eʼtibor qaratildi.

Viloyat rahbari tomonidan har bir tumanda shu kecha-kunduzda amalga oshirilishi zarur boʻlgan loyihalar muhokamasi, tadbirkorlar eng koʻp duch kelayotgan kredit mablagʻini rasmiylashtirish va hisob raqamiga tushirish, oʻziga tegishli yer maydoniga ega boʻlishi, qolaversa, hududida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari taʼminoti bilan bogʻliq jarayon shahar-tumanlar misolida manzilli oʻrganildi.

Taʼkidlanishicha, viloyatda birgina qishloq xoʻjaligi sohasida joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan investitsiya loyihalari qiymati 1,8 trillion soʻmga teng boʻlib, shundan 158,3 milliard soʻm mablagʻ tijorat banklari, 99,8 million AQSH dollariga teng mablagʻ xorijiy kredit liniyalari, 687,3 milliard soʻm sarmoya esa mahalliy tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari hisoblanadi.

Mazkur mablagʻ hududda 88 ta zamonaviy issiqxona qurish, 14 ta tomchilatib sugʻorish uslubida intensiv bogʻ barpo etish, 11 ta parrandachilik, 40 ta chorvachilik, 8 ta baliqchilik xoʻjaliklarini tashkil etish, yana 6 ta keng sahnli muzlatkichli omborxona qurish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va chet elga eksport qiluvchi meva-sabzavot klasteri ochishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Ammo bugungi pandemiya munosabati bilan koʻzlangan rejalarni toʻla-toʻkis amalga oshirishda qator muammolarga duch kelinayotgani yigʻilishda tadbirkorlar tomonidan viloyat rahbariga ochiq aytib oʻtildi. Qurilish ishlari boshlangan lekin vaqtincha toʻxtatilgan loyihalar ham mavjudligi, ularni davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga alohida topshiriqlar berildi.

Sayyor qabulda talofat koʻrgan xoʻjaliklarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlarini undirish, bojxona, soliq toʻlovlari va boshqa qator masalalar yuzasidan yuzga yaqin murojaat tinglanib, tegishli rahbarlar ishtirokida muhokama etildi. Tadbirkorlarning mahalliy hokimliklar, aloqador tashkilot va tijorat banklari faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlgan muammolari joyida oʻz yechimini topdi.

Muddat talab etiladigan masalalar yechimi boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Ularning hal etilishi qatʼiy nazoratga olindi.

1 369
Zarif Komilov, OʻzA