O‘zA O`zbek

24.08.2018 20:09 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlar huquq va manfaatlari – davlat himoyasida

Tadbirkorlar huquq va manfaatlari – davlat himoyasida Davlat soliq qoʻmitasida Prezidentning 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi va ushbu hujjat mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Videoselektor tarzida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari E.Gadoyev va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining toʻsqinliksiz amalga oshirilishini taʻminlash, biznes yuritish uchun qulayliklar yaratish, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilayotganini taʻkidladi.

Aytish joizki, ushbu farmonning qabul qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun juda muhim qadam boʻldi. Farmonda tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga alohida eʻtibor qaratilgan. Unga koʻra, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshiruvlar hamda nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi. Tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar Bosh prokuratura tomonidan muvofiqlashtiriladi. Tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinadi, bu tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlar esa noqonuniydir.

Qoʻmitaning soliq qarzini undirishni tashkil qilish boshqarmasi boshligʻi J.Rajabovning maʻlumot berishicha, joriy yilning 1 apreliga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarga, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan, shu jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik bilan shugʻullanganlarga ham ushbu farmon bilan imkoniyatlar berildi. Agar bunday tadbirkorlar 2019 yilning birinchi yanvariga qadar tadbirkorlik faoliyatini tiklasa yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa, bu holatda ular uchun soliq summasi, moliyaviy jarima va penyalar hisobdan chiqarilishi belgilandi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmay tadbirkorlik qilgan shaxslarga bir yillik miqdordagi qatʻiy belgilangan soliqni bir yoʻla undirish tartibi ham bekor qilindi.

– Oʻgʻlim Uchtepa tumanida yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanadi, – dedi Tojixon aya Malikova. – U tadbirkorlik faoliyati qonun-qoidalarini yaxshi bilmagani sababli soliq toʻlovlaridan 17 million soʻm qarz boʻlib qolgan edi. Bugun Prezidentimiz farmoni ijrosiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etib, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar bilan batafsil tanishishga muvaffaq boʻldik. Ushbu hujjat boʻyicha oʻgʻlim qarzdorlik toʻlovini amalga oshirmaydi, aksincha, u qonun-qoidalar asosida oʻz ishini davom ettiradi. Bunday imkoniyat ikkinchi guruh nogironi boʻlgan oʻgʻlimga davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan katta ragʻbat boʻldi.

Seminarda qayd etilganidek, ushbu farmon ijrosi boʻyicha 151,8 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkor va fuqaroning qariyb 705,9 milliard soʻm soliq qarzidan kechilish kutilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ularning tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklashi, yangi ish oʻrinlari yaratishi hamda byudjet tushumlariga hissa qoʻshishi maqsadida hukumatimiz tomonidan birinchi bor berilayotgan imkoniyatdir.

Seminarda mazkur hujjatning tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishda, sohadagi mavjud muammolarga barham berish va tadbirkorlarning ishonchli huquqiy himoyasini taʻminlashdagi oʻrni va ahamiyati xususida savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
2 626