Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.07.2018 18:44 Chop etish versiyasi

Tadbirkorga aylangan duradgor

Tadbirkorga aylangan duradgor
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Jonibek” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari Asliddin Ergashev ham ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotgan tadbirkorlardan. Ilgari uni tumandagilar tajribali duradgor usta sifatida yaxshi tanigan bo‘lsa, bugun mebel ishlab chiqaruvchi yirik tadbirkor, deb bilishadi. Rost, “Jonibek” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar yuqori sifati va narxi nisbatan arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

– Duradgorlik bizga ota meros, – deydi A.Ergashev. – Shu bois hali bolaligimdayoq yog‘ochdan eshik-rom, stol-stul, xontaxta kabi buyumlarni yasashni bilardim. Korxonamizni 2000-yilda tashkil qilganmiz. Faoliyatimizni endi boshlagan kezlarimizda qo‘l mehnatidan ko‘proq foydalanar edik. Keyinchalik ishlab chiqarishni modernizatsiya qilib, xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirdik. Bu ishimiz samaradorligini oshirdi. Hozir korxonamizda 50 dan ortiq turda mebel jihozlari yasalmoqda. Asosan korxona-tashkilotlar bilan shartnoma asosida ishlamoqdamiz. Bundan tashqari, mahsulotlarimiz ichki bozorda ham xaridorgir.

Olti kishi mehnat qilayotgan korxonada mijozlar talabidan kelib chiqib, mahsulotning sifatli tayyorlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuning uchun ham bu yerda ishlab chiqarilayotgan uy, oshxona va ofis mebellariga talab yuqori.

O‘.BAROTOV, O‘zA
2 541