O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 19:31 Chop etish versiyasi

Tadbirkor xotin-qizlar forumi

Tadbirkor xotin-qizlar forumi Andijonda oʻtkazilgan biznes-forumda viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkor, hunarmand va fermer xotin-qizlar turli yoʻnalishdagi innovatsion loyihalari, biznes rejalari bilan qatnashdi.

Tadbir doirasida “Anor – 2018” milliy tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi. Mazkur tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida gʻolib boʻlgan 20 nafar xotin-qiz ishtirok etdi.

Ishtirokchilarning tadbirkorlik faoliyati ishlab chiqarish, fermerlik hamda servis xizmati koʻrsatish yoʻnalishlarida belgilangan shartlar asosida baholandi.

Ishlab chiqarish yunalishida Xonobod shahridagi “Muxlis-tekstil” MCHJ rahbari Sanobar Rahimova, fermerlik yoʻnalishidaAsaka tumanidagi “Kujgon oltin dalasi” fermer xoʻjaligi rahbari Mahfuza Ahmedova, servis xizmati koʻrsatish yoʻnalishi boʻyicha Andijon shahridagi “Billi” bolalar oʻquv markazi rahbari Xurshida Kamoliddinova gʻolib, deb topildi. Gʻoliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

– Korxonamizda 30 dan ziyod turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi Xonobod shahridagi “Muxlis-tekstil” MCHJ rahbari Sanobar Rahimova. – Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻtgan yili Xitoy davlatidan yangi dastgoh va uskunalar keltirib oʻrnatdik. Bu ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi. Hozir korxonada 100 ga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ularning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Gʻolib va sovrindorlar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Anjuman doirasida tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan, ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, puxta va asoslangan innovatsion loyihalari bilan ishtirok etgan bir guruh tadbirkorlarga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) OʻzA