O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Tadbirkor va xaridor uchun birdek qulay

Tadbirkor va xaridor uchun birdek qulay

Iqtisodiyotda qulay sharoit va imkoniyatlarning yaratilishi barqaror rivojlanishning muhim omili sanaladi. O‘z navbatida ishbilarmonlik muhitidagi yangilanish va yengilliklar tadbirkorlar uchun ham, iste’molchilar uchun ham birdek afzalliklar yaratadi.

Keyingi yillarda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat ortidan halol daromad orttirishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitob tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hisob-kitoblar tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etishda muhim asos bo‘lmoqda.

Xususan, mazkur farmon asosida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga onlayn nazorat kassa mashinalarini tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Navoiy viloyati Davlat soliq boshqarmasida seminar o‘tkazildi. Boshqarma xodimlari, tuman va shahar davlat soliq inspeksiyalari mutaxassislari hamda tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda onlayn nazorat kassa mashinalarining afzalliklari xususida so‘z yuritildi.

Navoiy viloyatida tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish maqsadida birgina oktyabr oyida 647 nafar tadbirkor bilan shartnomalar tuzish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar qariyb 60 nafari bilan kelishuvlar imzolangan.

Farmonga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi. Endilikda tadbirkorlar kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’iy nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega.

Eng muhimi, ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-nazorat kassa mashinasini 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.

Tadbirkorlar tomonidan taqdim qilinadigan xarid chekida tovarlar yoki ishlar, xizmatlar nomi, miqdori va qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lganda mazkur soliq stavkasi va summasi, shuningdek QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi. Eng muhimi, to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga kassa cheki ham berilishi shart.

Seminarda “UZKASSA” smart qurilmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, milliy dasturiy ta’minot bilan jihozlangan qurilma universalligi, soliq organi bilan aloqa tizimining yo‘lga qo‘yilgani, ya’ni har bir kirim qilingan naqd yoki naqdsiz ko‘rinishdagi mablag‘ soliq bazasida aks etishi bilan qulaydir.

Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga asosan tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga 2020 yilning 1 yanvaridan bosqichma-bosqich o‘tishi belgilangan mazkur hujjat bilan tasdiqlangan muddatlar tugagandan keyin onlayn-nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanmasdan faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

313
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA