Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 17:02 Chop etish versiyasi

Tadbirkor noqonuniy tekshirilmaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, uning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

– Qonunchilikda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga muvofiq, 2017-yilning 1-yanvaridan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Turdiyev. – Lekin yuridik shaxslar murojaatiga asosan korxona tugatilayotganida o‘tkaziladigan tekshirishlar saqlab qolindi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha berilgan murojaatlari asosida faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga binoan qisqa muddatli, ya’ni 8 soatdan oshmaydigan tekshirishlar o‘tkazilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshirishlar ham faqat Respublika kengashining qaroriga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik holati buzilganligi bo‘yicha bergan murojaatlari asosida o‘tkazilishi joriy etildi.

2017-yil 1-yanvardan muqobil tekshirishlar butunlay bekor qilinganidan kelib chiqib, Soliq kodeksida soliq tekshiruvlari turlaridan muqobil tekshirish chiqarib tashlandi. Tadbirkorlik subyektlari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni moliya yili mobaynida muntazam ravishda to‘lamagan taqdirda, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati rejali tekshiruvlardan o‘tkazilishi mumkinligi belgilandi.

Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari birinchi marta huquqbuzarlik sodir etsa va bu huquqbuzarlik insonning sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazmasa, u yetkazilgan zararni belgilangan tartibda va muddatda (30 kunda yoki yozma bildirish bergan holda – 6 oy muddatda) ixtiyoriy ravishda qoplasa, ya’ni soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lasa, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarima va moliyaviy sanksiyalardan (penyadan tashqari) ozod qilinadi.

Noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi va hududiy inspeksiyalar xodimlari ushbu yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etib, tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoit yaratilganini tushuntirmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 324






Все о погоде - Pogoda.uz