O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:32 Chop etish versiyasi

Tadbirkor ayollar faoliyati fakt va raqamlarda

Tadbirkor ayollar faoliyati fakt va raqamlarda
Bugun barchamiz mamlakatimiz hayotidagi islohotlar, xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan katta ishlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. To‘g‘risi, Yurtboshimiz rahbarliklarida olib borilayotgan islohotlar bilan tengma-teng harakatlanishning o‘zi ham, oson bo‘lmay qoldi.

Bugun har birimiz o‘z faoliyatimizni tanqidiy ko‘z bilan qayta baholashimiz, uni xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan harakatlar bilan mutanosibligini ta’minlash kunning asosiy vazifasidir.

Prezidentimizning 2018-yil 4-maydagi “Fuqarolik institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni nodavlat tashkilotlarning ana shu harakatlariga huquqiy baza, rivojlanishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha xalq va davlat o‘rtasida o‘zaro fikr almashish uchun yetarli imkoniyatlar yaratib berdi.

1991-yilda tashkil topgan uyushmamiz faoliyati ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, ishsiz ayollarni biznes asoslari va mehnat bozorida xaridorgir bo‘lgan kasbga qayta o‘qitishga, tadbirkor ayollarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida uyushma zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, tashkilot o‘z nizomi bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchillik bilan bajarish “Tadbirkor ayol” uyushmasining joriy yil o‘tgan davrdagi asosiy harakat mazmunini tashkil etdi.

Assotsiatsiyaning tarkibiy tuzilmalari rivojlanishda davom etmoqda. Andijon viloyatining Andijon shahri, Andijon, Qo‘rg‘ontepa tumanlari, Namangan viloyatining Namangan shahri, Chortoq, Uychi tumanlari, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Quvasoy shaharlari assotsiatsiya bo‘limlari Adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tib, yuridik maqomga ega bo‘ldi. 2018-yil 1-avgustiga Assotsiatsiya tarkibida jami 69 ta hududiy bo‘limlar yuridik maqom olib faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Bugun nafaqat tadbirkor ayollar, balki fermer ayollar bilan ham ishlashga, ularning taklif va muammolarini o‘rganib, qishloq xo‘jaligiga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish, mehnat samarasini oshirish, ularning eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishlariga ko‘maklashish bo‘yicha muayyan sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Yil boshida “Ayollar fermerligida innovatsiyalar – rivojlanish va raqobat asoslari” mavzusida 1-Xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya ishida 250 nafar fermer ayollar, 10 nafar xalqaro ekspertlar, hukumat vazirlik va boshqaruv tashkiloti vakillari ishtirok etdilar. Fermer ayollar va investorlar bilan innovatsion hamkorlikni kengaytirish, qishloq joylarida istiqbolli inklyuziv biznes loyihalarni amalga oshirish, fermer ayollar ishlab chiqarishiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish tizimli mexanizmini yaratish bo‘yicha ishlab chiqarilgan takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etildi.

Mamlakat tadbirkor ayollarini qo‘llab-quvvatlashning eng samarali usullaridan biri – ularning faoliyatiga moddiy ko‘maklashish, ya’ni tadbirkorlik faoliyatlarini imtiyozli kreditlar bilan ta’minlashdir. 2017-yilda uyushmamiz va “Mikrokreditbank” ATB o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumiga asosan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 10 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, minglab tadbirkor ayollarimiz ushbu mablag‘lardan unumli foydalanib, o‘z bizneslarini rivojlantirishga, yuzlab yangi ish o‘rinlari tashkil qilishga muvaffaq bo‘lgan edilar. Bu yil ham ushbu yaxshi an’ana davom ettirilib, “Mikrokreditbank” ATB, “Hamkorbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Ipoteka bank” ATBlar bilan tadbirkor ayollar uchun imtiyozli kredit ajratilishi masalasida muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Anor-2018” milliy tanlovi O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilish kelishib olindi. Bugungacha Milliy tanlovning 5 ta viloyat bosqichlari o‘tkazilib, ularda 2000 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi mamlakatimiz tadbirkor ayollari faoliyatlarini rivojlantirish, ularning mahsulotlarini eksport qilish, mehnat samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqarishga innovatsion va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, yetuk xorijiy mamlakatlar ishbilarmon ayollari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. 2018-yil davomida Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan tekstil sanoati mahsulotlari ko‘rgazmasida O‘zbekiston tadbirkor ayollari ishtiroki ta’minlandi. Turkiya tekstil fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Yil oxirigacha Xitoy, AQSH, Indoneziya, Malayziya, Chexiya, Fransiya, Germaniya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarga biznes safarlar uyushtirish reja qilingan. Assotsiatsiyaga a’zo tadbirkor ayollarimizning Nyu-York (SSHA), Jakarta (Indoneziya) va Kuala Lumpur (Malayziya) shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro biznes-forumlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimiz tadbirkor ayollari loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yurtimiz barcha hududlarida bir xilda muvaffaqiyatli amalga oshirilayapti, deb ayta olmayman. Shuning uchun assotsiatsiya markaziy ofisi rahbariyati va mutaxassislarining Respublikamizning 8 viloyatiga amaliy yordam ko‘rsatish ishchi safarlari tashkil etildi. Ushbu viloyatlar rahbarlari bilan joylarda ayollar tadbirkorligi harakatini rivojlantirish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi. Hamkorlik bo‘yicha maxsus dasturlar belgilandi. Assotsiatsiya va uning hududiy tarkibiy tuzilmalari tomonidan davra suhbatlari, seminarlar, mutaxassislar bilan ochiq muloqot ko‘rinishida 20 ta tadbir o‘tkazildi. Yil oxirigacha hamkor tashkilotlar bilan yana 15 ta tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Doimiy asosda assotsiatsiya a’zosi bo‘lgan tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ayollarga 14 mingta biznes maslahatlar berildi.

Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng islohotlarning strategik yo‘nalishidir. Uyushmamiz ham ishsiz xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari barpo etishni faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri, deb biladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining strategik loyihasi – “2018-2020-yillarda Xotin-qizlar uchun biznes ta’lim tizimini mukammallashtirish” dasturi orqali mamlakatimizda ayollar tadbirkorlik harakatini rivojlantirish, ijtimoiy foydali mehnat bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish konsepsiyasi taqdim etildi.

Assotsiatsiya qoshida hakamlik sudi tashkil etish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, Adliya vazirligiga taqdim etildi. Hakamlik sudi sudyalariga ta’lim berish tizimini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 2016-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik, iqtisodiy- moliyaviy siyosatga oid farmon va qarorlar mohiyatini keng ommaga yetkazish, tadbirkor va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun imkoniyatlar ochish, tadbirkor va ishbilarmonlar safini kengaytirish, tadbirkor va ishbilarmon ayollarning ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish, ularning ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va xizmat sohalaridagi eng ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, tadbirkorlik sohasida me’yoriy hujjatlar, sohaga oid yangiliklar, yangi texnologiyalar, xorijiy tajriba va boshqa qiziqarli ma’lumotlarni qamrab olgan “Tadbirkor ayol” jurnalini chop etib kelmoqda. Ushbu jurnal mamlakatimizda ishbilarmonlik faoliyatini yuritayotgan ilg‘or ayollar qatorida, tadbirkorlik yo‘nalishida endi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun dasturilamal sifatida xizmat qilmoqda. Jurnalning xorijiy mamlakatlar elchixonalari va xalqaro institutlarning yurtimizdagi vakolatxonalariga tarqatilishi muhim ahamiyat kasb etib, ayollar tadbirkorligiga yurtimizda berilayotgan e’tibor, ularga yaratilgan sharoitlar targ‘ibot qilinishi bilan birga, mamlakatimiz va xorijdagi ishbilarmon ayollar o‘rtasida kasbiy aloqalar o‘rnatilishiga ham xizmat qilmoqda. Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, jurnalning yarim yillik nashrlari mushtariylarga yetkazib berildi.

Bir qarashda mamlakatda ayollar tadbirkorlik harakatini rivojlantirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilganday. Ammo faoliyatimizga tanqidiy ruhda qaraydigan bo‘lsak, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz qilinganidan ko‘proq. Muhimi, tadbirkor ayollarimiz Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ayollar tadbirkorlik harakatini yanada keng quloch yoydirishga, yangi marralarni zabt etishga, mamlakat iqtisodiyotida o‘zlarining salmoqli ulushlari bo‘lishiga astoydil bel bog‘lagan.

Gulnora Mahmudova,
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon
ayollar assotsiatsiyasi raisi

O‘zA
2 491