Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 12:29 Chop etish versiyasi

Tabiiy suv havzalaridan samarali foydalanilmoqda

Mamlakatimizda tabiiy suv havzalarini muhofaza qilish, undan oqilona foydalanishga qaratilayotgan alohida e’tibor ekologik muammolarni bartaraf etish va ularning salbiy oqibatlari oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “Chiqindilar to‘g‘risida”, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa huquqiy hujjatlar yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ekologik muvozanatni ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Navoiy viloyatida ham tabiiy suv havzalarini muhofaza qilish, uning o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

– To‘dako‘l, Sho‘rko‘l, Aydarko‘lning suvosti dunyosi xilma-xilligini doimiy nazorat qilish asosiy vazifamizdir, – deydi viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i F.Qodirov. – Viloyat hududida 148 ming 500 gektarda Aydarko‘l, 21 ming 620 gektarda To‘dako‘l va 274 gektarda Sho‘rko‘l suv havzalari joylashgan. Mazkur ko‘llarda noqonuniy ovchilik va qonunbuzilish holatlarining oldi olinmoqda.

Mamlakatimiz suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga 2001-yilda a’zo bo‘lgan. Xususan, Aydarko‘l va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l havzasida “Akva To‘dako‘l” O‘zbekiston – AQSh qo‘shma korxonasida baliqchilikni rivojlantirish, yo‘qolib borayotgan baliq turlarini ko‘paytirish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Korxona tomonidan o‘nga yaqin noyob baliq turi parvarishlanmoqda. Jumladan, Afrika laqqa balig‘i inkubatsiya usulida ko‘paytirilayotir. Mazkur baliq turi yiliga 3 marotaba urug‘lanib, tez ko‘payadi va qisqa muddatda voyaga yetadi. Korxonaga qarashli ko‘ldagi ikki yirik hovuzda baliq chavoqlari o‘stirilmoqda. Baliq uchun maxsus ozuqalar korxonaning o‘zida tayyorlanayotgani daromadni yanada oshirib, mahsulot tannarxining arzonlashishida muhim omil bo‘layotir.

Sho‘rko‘l suv havzasining asosiy qismi Konimex tumani hududida joylashgan bo‘lib, ayni paytda ko‘lda “Momiqchi sazan-sudak” baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Katta hududni egallagan Aydarko‘lda 33 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilgan.

Muxtasar aytganda, viloyatda tabiiy ko‘llar va suv havzalarini muhofaza qilish barobarida undan samarali foydalanish, baliqchilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
451






Все о погоде - Pogoda.uz