O‘zA O`zbek

30.01.2020 Chop etish versiyasi

Tabiiy gaz qazib olish hajmi yanada ortadi

Tabiiy gaz qazib olish hajmi yanada ortadi

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon viloyatidagi neft-gaz konlariga press-tur uyushtirildi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatida: “Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan taʼminlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim. Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni koʻpaytirish uchun byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda” deya taʼkidlagan edi.

Murojaatnoma, qolaversa, Prezidentimizning 2017-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida uglevodorod xom ashyosini qazib olishni yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish imkoniga ega boʻldi.

Jurnalistlar dastlab Fargʻona viloyatining Chimyon shaharchasida joylashgan Neft va gaz muzeyiga sayohat qilib, Markaziy Osiyodagi ilk neft koni tarixi bilan tanishdi. Mamlakatimiz neft-gaz sohasi tarixiga eʼtibor qaratsak, nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda ilk bor neft qazish 1904-yilda Fargʻona vodiysidagi Chimyon konida boshlangan ekan. Andijon viloyati neft va gaz qidiruv quduqlarini burgʻulash ishlari 1932-yilda Andijon maydonida boshlangan.

Birinchi marta 1937-yilda Andijon hududidagi quduqdan 500 metr chuqurlikda yer qobigʻining uchinchi qatlamida neft favvorasi ochilgan. Shundan soʻng Andijon neft koni tashkil etilgan. Olib borilgan qidruv-geologiya ishlari natijasida 1943-yilda “Polvontosh”, 1945-yilda “Janubiy Olamushuk”, 1951-yilda “Xoʻjaobod” neft koni ishga tushirilgan.

Press-tur doirasida “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyatida oʻtkazilgan matbuot anjumanida jamiyat tomonidan 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar, uglevodorod xomashyosining qoʻshimcha zaxiralarini aniqlash, sohada erishilgan yutuq va muammolar, istiqboldagi loyihalar xususida maʼlumotlar taqdim etildi.

Tadbirning ikkinchi kunida Andijon tumanidagi “Xortum-85”, Buloqboshi tumanidagi “Uchtepa neft va gaz koni”ning 5-, 3-sonli quduqlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Andijon tumanidagi “Xortum-85” gaz qudugʻida gaz qazib olishning dastlabki bosqich ishlari olib borilmoqda.

photo5303368034930502807.jpg

– Ayni kunda ushbu quduqda “ERIELL” kompaniyasi tomonidan Xitoyning ilgʻor texnologiyalari asosida yer ostiga yoʻl ochish, burgʻulash ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “Andijonneft” AJ bosh geologi Bekzod Rahmonov. – Gaz 4 ming 300 metr chuqurlikdan qazib olinadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, quduq toʻla ishga tushirilgach, kuniga 100 ming kubometr gaz qazib olish koʻzda tutilmoqda.

Buloqboshi tumanidagi “Uchtepa neft va gaz koni”ning 5- qudugʻi 2018-yilda ishga tushirilgan. Ushbu kondan dastlab neft qazib olingan, keyinchalik gaz olina boshlandi. Hozir ushbu quduqdan kuniga 100-120 ming kubometr tabiiy gaz qazib olinmoqda.

3- sonli quduq “Uchtepa neft va gaz koni”ning birinchi boʻlib foydalanishga topshirilgan qudugʻi hisoblanadi. Ayni kunda ushbu quduqdan 60 ming kubometr gaz qazib olinmoqda.

Oʻtgan yilining dekabr oyida 12-sonli quduq ishga tushirilib, ushbu quduqdan kuniga 50-60 ming kubometr gaz qazib olina boshlandi. Natijada yana 5 ming axoli xonadoni tabiiy gaz bilan taʼminlandi. Mavjud gaz quduqlaridan olinayotgan tabiiy gazning asosiy qismi “Hudugaz” korxonasi orqali Buloqboshi, Xoʻjaobod, Jalaquduq tumanlaridagi aholi xonadonlariga yetkazib berilayotgan boʻlsa, yana bir qismi maxsus gaz liniyalari orqali gaz saqlash omboriga yuborilmoqda.

Anjuman ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Buloqboshi tumani Chaqar mahallasida boʻlib, aholi xonadonlarining tabiiy gaz bilan taʼminlanishi, aholi vakillarining gaz tizimida olib borilayotgan ishlar xususidagi fikrlari bilan qiziqdi, odamlar bilan muloqotda boʻldi.

– 2010-yildan buyon xonadonimizda, mahallamizda gaz yonmas edi, –deydi “Chaqar” mahallasi Qoʻrgʻoncha koʻchasida yashovchi uy bekasi Nigoraxon Shamshiyeva. – Uchtepa gaz qudugʻi ishga tushgach, mahallamiz oʻtgan yili toʻla gazlashdi. Gaz yonishi bilan goʻyo hayotimizga iliqlik kirdi, qishda uylarni isitish, choy qaynatishu ovqat tayyorlashda olov yoqishdan va boshqa koʻp muammolardan qutildik. Bundan behad mamnunmiz.

– 2019-yilda “Uchtepa neft va gaz koni”ning 5-, 12- va 13-sonli quduqlari ishga tushirildi, – deydi “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Jaloliddin Bekmurodov. – Hozirga qadar ishga tushirilgan 9 ta quduqdan 500 ming kubometrga yaqin gaz qazib olinmoqda. Yil oxiriga qadar gaz qazib olish miqdorini 1 million kubometrga yetkazishni rejalashtirganmiz. Umuman, oldimizga ulkan maqsadlarni qoʻyganmiz. 2020-2021-yillar davomida Andijon viloyati aholisini toʻla tabiiy gaz bilan taʼminlash harakatidamiz.

Haqiqatdan ham “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ibratli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidlash joiz. Ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish, ayniqsa, raqamli iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyish borasida amaliy ishlar olib borilayotganligi eʼtiborga molik. Jumladan, ayni kunda har bir quduqqa maxsus hisoblagichlar, kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, qazib olinayotgan gaz miqdori, olib borilayotgan ishlar onlayn tarzda jamiyatning markaziy dispetcherlik punkti orqali nazorat qilib boriladi.

Press-tur doirasida Andijon shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.

30 780
Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuhruddin UMURZOQOV (surat), OʻzA