O‘zA O`zbek

02.08.2018 21:13 Chop etish versiyasi

Tabiatga e’tibor – kelajakka e’tibor

Tabiatga e’tibor – kelajakka e’tibor O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sayyor amaliy seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Ekoharakatning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, “Buloqcha” – “Rodnichok” bolalar ekologik jurnali muharrirlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab Xondayliq qishlog‘idan oqib o‘tuvchi soylikni obodonlashtirish bo‘yicha amaliy aksiya tashkil etildi. Tashkilotchilar, qishloq aholisi va boshqa ko‘ngillilar soy hududini chiqindilardan tozaladi.

“Buloqcha” – “Rodnichok” bolalar ekologik jurnali mas’ullari tomonidan “Humo”, “Zilola” va “Raduga” yozgi bolalar oromgohlarida yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan turli viktorina va mahorat darslari o‘tkazildi. 

22.JPG

Kunning ikkinchi yarmida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya va resurs tejovchi texnologiyalar” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Xondayliq qishlog‘idagi o‘quv-ishlab chiqarish markazida o‘tkazilgan muloqotda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofazalash, ekologik ta’limni takomillashtirish, xalqimiz sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun qulay ekologik muhit yaratish borasida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Amaliy aksiya, viktorina va mahorat darslarida faol ishtirok etganlar tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Avaz Xudoyqulov, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA
2 415