O‘zA O`zbek

15.05.2018 18:41 Chop etish versiyasi

Tabiat muhofazasiga bag‘ishlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat nazorati va boshqaruvi organlarining tizimli ish olib borishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi tomonidan Toshkent shahridagi ko‘p yillik daraxtlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni ta’minlash, ularni muhofaza qilishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent va Sirdaryo viloyatlari bo‘yicha inspeksiyalari hamkorligida o‘tkazildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston florasini 4600 dan ortiq o‘simlik turlari tashkil etadi, ulardan 3000 dan ortig‘i yovvoyi holda o‘suvchi noyob o‘simlik turlaridir. Ushbu yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarining 324 xili O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining joylardagi ijrosi, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, qayta tiklash, o‘simlik turlarining genetik fondini saqlab qolish va daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish, shahar obodligi va ozodaligiga hissa qo‘shishni keng targ‘ib qilishga e’tibor qaratildi.

– Bir daraxt bir kunda o‘n besh kishiga yetadigan kislorod ishlab chiqaradi va inson hayoti uchun zararli bo‘lgan minglab chang zarralarini qaytarish xususiyatiga ega, – deydi Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi xodimi Gulnora Turg‘unova. – Hozirasossiz kesilayotgan minglab daraxtlarning aksariyati ko‘p yillik. Buning ustiga ular inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Shunday ekan, behudaga nobud bo‘layotgan daraxtlarni asrab qolish maqsadida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan ekologik madaniyatni yanada kuchaytirish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

M.Toshqorayeva, O‘zA
3 458