O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Tabiat davlat va ma’muriy chegaralarni tan olmaydi

Tabiat davlat va ma’muriy chegaralarni tan olmaydi

Qishloq xo‘jaligi asosiy daromad manbai bo‘lgan dunyo aholisining uchdan bir foizi tabiiy suv tanqisligi mavjud qurg‘oqchil yerlarda istiqomat qiladi. Yer sharining 40 foizini egallagan qurg‘oqchil yerlarda chorva mollarining 50 foizi, dunyo oziq-ovqatining esa 44 foizi yetishtiriladi.

Shunday vaziyatda suv va yerdan unumli foydalanish uchun nimalar qilmoq kerak? Bu haqida FAOning Markaziy Osiyo va Turkiya uchun submintaqaviy ofisining yer va suv masalalari bo‘yicha eksperti Sara Marjani Zade shunday dedi:

– Keyingi yillarda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi ta’sirida yerlarning degradatsiyasi va suv tanqisligi yildan yilga oshib bormoqda. FAO ma’lumotiga ko‘ra, qurg‘oqchil hududlar sanaluvchi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonda ham so‘nggi 20 yilda bir qator qurg‘oqchilik holatlari qayd etildi. 2000-2001 yillarda kuzatilgan qurg‘oqchilik sababli donli ekinlar hosili 10 foizga, paxta yetishtirish 17 foizga, guruch esa 60 foizga pasaygan.

Hozirda dunyo bo‘yicha sug‘oriladigan ekin maydonlarining sho‘rlanish holati ortayotgani kuzatilmoqda. Shu bois sho‘rlangan tuproqlar va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini izlab topish dunyo hamjamiyatini o‘ylantirayotgan muhim masalalardan biridir. Ushbu muammoning ijobiy yechimlaridan biri esa sho‘rga chidamli o‘simliklarning irsiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish sanaladi.

Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanishning ko‘plab usullaridan ham unumli foydalanish. Ko‘pgina davlatlarda qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan suvlarning 50 foizgacha miqdori drenaj qilinadi.

Hozirda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Markaziy Osiyoda agrometereologik xizmatlar va qurg‘oqchilikni erta ogohlantirish tizimlari bo‘yicha treninglar o‘tkazmoqda. Ularda FAOning Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan hududlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish loyihasi doirasida mutaxassislar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, erta ogohlantirish tizimlari va agrometereologik xizmatlar bo‘yicha mintaqadagi har bir davlat taqdimoti bilan tanishib, qishloq xo‘jaligida masofaviy zondlash va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha FAO ishlab chiqargan bir qator innovatsion dasturlardan foydalanish amaliyotlarini o‘zlashtirishadi.

Ekspertning so‘zlaridan ham ko‘rinib turibdiki, tabiat - bu insoniyatning boyligi emas, balki inson uning tarkibiy bir bo‘lagi ekanini anglab yetmoqdamiz. Tabiat davlat va ma’muriy chegaralarni tan olmaydi hamda ekologik tanglikni bitta yoki bir necha davlatlarning urinishlari bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. 

2 066
Sayyora ShOEVA, O‘zA