O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi

Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi

Koʻplab abituriyentlar va ularning ota-onalari murojaatlarini inobatga olib, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirish uchun topshirgan test sinovlari natijasi boʻyicha tanlovda ishtirok etib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga, roʻyxatdan oʻtish mobaynida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi. Bu haqida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Bunda, oliy taʼlim muassasalari tomonidan talabalikka qabul qilish, tanlov boʻyicha birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilingan test sinovlari natijalariga koʻra, abituriyentlarning toʻplagan balini asos sifatida qabul qilib, murojaat etgan abituriyentlarning arizalariga muvofiq, toʻplagan ballari qatʼiy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi shuningdek, super-kontraktlar haqida qoʻshimcha rasmiy maʼlumotlarni ham eʼlon qildi.

2019/2020 oʻquv yili qabulida kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan ballari tasdiqlangan toʻlov-kontrakt doirasidagi qabul parametrlari chegarasiga 4 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam boʻlmagan holda, qoʻshimcha ravishda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlarning birinchi oʻquv yili uchun amalda oʻrnatilgan miqdorga nisbatan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlangan.

Bunda, 2019/2020 oʻquv yili uchun:

- tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga nisbatan hisoblanishi;

- toʻlovchilarning oʻz xohishiga koʻra stipendiyali toʻlovlar, yaʼni, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt summasiga (bir oʻquv yili uchun 4800,0 ming sum) qoʻshimcha toʻlanishi;

- tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oylarga boʻlib toʻlanganda ham, oʻquv yilining birinchi yarmi uchun kamida 50 foizi joriy yilning 1-noyabridan hamda ikkinchi yarmi uchun 2020-yilning 1-martidan kechiktirmay toʻlanishi belgilangan.

Toʻplagan ballari 56,7 balldan kam boʻlmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tartibda toʻlov-kontrakt miqdorlarini belgilash va toʻlash uchun ham joriy etiladi.

Eslatib oʻtamiz, kirish chizigʻiga 4 ballgacha yetmaganlar tabaqalashtirilgan kontraktni quyidagi miqdorda toʻlashadi:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Toʻplagan bali kirish chizigʻiga 4 balldan ortiq yetmagan, lekin 56,7 dan koʻp ball toʻplagan abituriyentlar uchun kontrakt toʻlov miqdorlari oʻtgan yilgidan deyarli oʻzgarmagan. Eng koʻp toʻlov yurisprudensiya yoʻnalishida boʻlib, 25 barobar, yaʼni 229 mln 184 ming soʻmdir. Keyingi oʻrinda tibbiyot yoʻnalishi, bunda 20 barobar, yaʼni 170 mln 649 ming soʻm toʻlanishi qayd etilgan. Boshqa yoʻnalishlarda 10 va 15 barobar miqdorda belgilangan boʻlib, ushbu narxlar minimal miqdor hisoblanadi.

Joriy yildan boshlab OTMlar super-kontrakt narxini oʻzi mustaqil belgilaydi, faqat asosiy sharti minimal miqdordan kam boʻlmasligi kerak.

Maʼlumot uchun, 2019/2020 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga toʻlov- kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun toʻlov haqini oʻtkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning soʻnggi muddati 2019-yilning 15-oktyabri etib belgilandi.

Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan yuqori kurs talabalari uchun kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish muddatlari oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytiriladi.

4 661
O'zA