O‘zA O`zbek

24.08.2018 20:19 Chop etish versiyasi

Taʻlimdagi islohotlarning yangi bosqichi

Taʻlimdagi islohotlarning yangi bosqichi Bugun Oʻzbekiston taʻlim tizimida qanday yangiliklar amalga oshirilmoqda? Oʻqituvchilar nufuzini mustahkamlash borasidagi saʻy-harakatlar mazmun-mohiyati nimalardan iborat?

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida shu haqda soʻz bordi.

Unda xalq taʻlimi vaziri Sh.Shermatov, vazir oʻrinbosarlari, tizimdagi masʻul xodimlar, ekspertlar ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan soʻnggi ikki oy mobaynida xalq taʻlimi tizimida sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Davlat rahbarining 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni maʻnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʻlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, pedagog kadrlar obroʻsini oshirish, ularning moddiy-maʻnaviy va ijtimoiy muhofazasini taʻminlash boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror oʻqituvchilarning obroʻsini oshirish, ularning daxlsizligini taʻminlash, yaʻni xizmat vazifalariga bevosita kirmaydigan har qanday ishlardan ozod etish va maoshini koʻtarish, shuningdek, qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi choralarni koʻrishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 sentyabrdan eʻtiboran oʻqituvchilar, taʻlim tizimi xodimlarining oylik maoshi oshirildi.

Xalq taʻlimi vaziri Sh.Shermatovning taʻkidlashicha, 2019 yilning yanvar oyidan eʻtiboran oliy toifali yuqori sinf oʻqituvchilarining oyligi 1 million 700 mingdan 2 million 500 ming soʻmgacha belgilandi. Eng koʻp oylik boshlangʻich sinf oʻqituvchilariga berilishi koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, maktablarda psixologlarga ham ehtiyoj juda yuqori. Chunki maktab yoshidagi bola turli yoʻllarga ogʻib ketishi, jinoyatga qoʻl urishi mumkin. Shu sababli psixologlarning maoshini koʻtarish ham asosiy vazifa sanaladi.

Tadbirda taʻlim tizimiga davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etish xususida soʻz bordi. Maʻlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi 9 ming 628 maktabning 70 tasi xususiy hisoblanadi. Qayd etilganidek, taʻlim sohasiga tadbirkorlarni keng jalb etish, nodavlat taʻlim muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yaxshi samara beradi. Bu tizimda sogʻlom raqobatni shakllantirib, soha rivojiga xizmat qiladi.

Shu kunlarda xususiy maktablar soni va sifatini yaxshilash, ularning masʻul xodimlarini taʻlim tizimidagi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida tadbirlar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, xususiy maktablardagi muammolar oʻrganilib, ularga yechim topilmoqda.

Prezidentning 2018 yil 9 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 150 ta umumtaʻlim maktabida majburiy maktab dasturi doirasida oʻquvchilarga sinov tariqasida shaxmatni oʻrgatish koʻzda tutilmoqda.

Joriy yilning 15 avgustida Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy oʻrta taʻlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʻminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2018/2019 oʻquv yilidan davlat umumtaʻlim muassasalari oʻquvchilari uchun namunaviy maktab formasini ixtiyoriy ravishda, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab esa majburiy ravishda joriy etiladi.

2018/2019 oʻquv yili boshlanishiga oz fursat qoldi. Oldinda taʻlim tizimidagi katta islohotlarni izchil va samarali amalga oshirish masalasi turibdi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
3 914