O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Taʼlim va muallimga yangicha yondashuv kerak

Taʼlim va muallimga yangicha yondashuv kerak


Bugun barchamiz yurtimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga nafaqat guvoh boʻlmoqdamiz, balki ushbu jarayonda bevosita ishtirok ham etmoqdamiz. Bu islohotlarni jadal amalga oshirish va taʼlim-tarbiya sohasida yuqori natijalarga tezroq erishish oson ish emasligini ham koʻrmoqdamiz.

Negaki, sohada paydo boʻlgan va taʼlim tizimi taraqqiyotiga toʻsiq boʻlayotgan qator muammolar uzoq yillar davomida chuqur ildiz otgan. Bu muammolarning bugungi kundagi ogʻir holatiga kelgunicha yarim asrdan koʻproq vaqt oʻtgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va tizim faoliyatiga yangicha yondashuv boʻyicha bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Joriy yil 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida bildirgan fikr-mulohazalari taʼlim tizimida boshlangan islohotlarni yanada chuqurlashtirishni talab etadi.

Taʼlim-tarbiyani muallimlarsiz tasavvur etib ham, mamlakatimizda yangidan boshlangan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib ham boʻlmaydi. Taʼlimning bugungi talab va koʻngildagidek sifatli boʻlishi uchun eng quyi taʼlim muassasalari – bogʻcha, maktab, litsey, kollej, texnikumlardan tortib, oliy taʼlim muassasalarigacha ilmli, tajribali, yuksak madaniyatli, maʼnaviyatli, oʻz sohasining fidoyisi boʻlgan jonkuyar, mehribon, gʻamxoʻr va kerakli oʻrinda qattiqqoʻl ham boʻla oladigan, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan yaxshi xabardor muallimlar, murabbiylar juda-juda zarur.

Biz keyingi 30-40 yil davomida muallimni taʼlimdan, ilmdan, ilm dargohidan, bu dargohning munis toliblaridan uzoqlashtirdik. El orasidagi muborak obroʻ-eʼtiborini toʻkdik. Ularni boshqalar, eng yomoni, oʻzlari sevgan shogirdlari oldida mute bir kimsalarga aylantirib qoʻydik. Pedagoglik kasbini tanlaganlaridan ularning boshlari egik, boʻyinlari xam, koʻzlari nam boʻladigan darajaga olib keldik, pushaymon qildirdik. Ular, ayniqsa, erkak muallimlar chorasizlikdan, ilojsiz holda qora qozonini qaynatish, roʻzgʻor tebratish, bola-chaqasining kamu koʻstini toʻldirish ilinjida oʻz ixtiyori bilan mamlakat ichida va tashqarisida moʻtabar kasblaridan yiroq boʻlgan ishlarni tanlab, taʼlim tizimini tashlab ketdi.

Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, har yili mart-aprel oyidan boshlab chigit ekish, gʻoʻza yaganasi, qatqalogʻi, oʻtogʻiga jalb etilish, yoz boʻyi dam olish, sogʻligʻini tiklash, oʻz ustida ishlash oʻrniga chorvaga xashak yigʻish, koʻcha tozalash, katta yoʻl yoqalaridagi binolar devori va daraxtlarni oqlash, koʻchat ekish, mahalla va guzarlarni obod qilish, sentyabr-dekabr oylarida esa yildan-yilga dahshatli tus ola borgan mehnat fronti – paxta yigʻim-terimiga kechayu-kunduz koʻch-koʻroni bilan borishni, boshqa sohalar vakillari oldida xoʻrlanish, kamsitilish, oyoqosti qilinish, ham maʼnan, ham jismonan azob-uqubatlarga duchor boʻlishni kim ham xohlar edi?! Bu hol nafaqat oʻrta umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari, shuningdek, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hayoti va faoliyati uchun ham xos umumiy, mushtarak holat edi.

Xayriyatki, bu soha vakillari peshonasiga oftob, yelkasiga shamol tegadigan, oʻksik koʻngillariga taskin boʻladigan, mehnatini moddiy va maʼnaviy qadrlaydigan zamon ham keldi. Muallimning taʼlim va tarbiyaviy faoliyatiga salbiy taʼsir etadigan sunʼiy toʻsiqlar olib tashlandi, oylik maoshlar bosqichma-bosqich oshirilyapti, ortiqcha qogʻozbozlik, majlisbozlik, hasharbozligu xoʻja koʻrsin uchun qilinadigan koʻplab tadbirlarga barham berilyapti. Ayniqsa, mamlakatimiz boʻyicha 13 mingga yaqin erkak oʻqituvchining maktabga qaytgani quvonarlidir. Chunki maktabda beriladigan taʼlim va tarbiyada ularning munosib oʻrni bor. Ammo muammolar kamaymayapti. Xoʻsh, taʼlim tizimiga doir muammolar nimalardan iborat? Ularni qanday bartaraf etsak boʻladi?

Birinchidan, bogʻcha, maktab, litsey, kollej, tuman va viloyat xalq taʼlimi boʻlimlariga rahbarlar hali ham avvalgi, eskicha uslubda tanlanayotgani, taʼlim tizimini boshqarishdagi muammolar soha rivojiga katta toʻsiq boʻlyapti. Rahbarlar, kadrlar Prezidentimiz talab qilayotganlaridek, xalqqa xizmat qilish tamoyili asosida tanlansa va tayinlansa yoki saylansa edi, qoʻli egri, poraxoʻr, mansabparast, dunyoqarashi, maʼnaviyati va madaniyati past, oʻzidan boshqani mensimaydigan “boshliqchalar” bu muassasalar rahbarligiga tasodifan kelib qolmas edi.

Ikkinchidan, bogʻcha, maktab, litsey, kollejlarga tarbiyalanuvchi-taʼlim oluvchilarni qabul qilishdagi qingʻirliklar. Bunda shu muassasalarning baʼzi nafsi hakalak otgan rahbarlari bilan bir qatorda farzandini taʼlim muassasasiga olib kelayotgan ota-onalar, bobo-buvilarning ham aybi yoʻq emas. Ularning koʻpchiligi yangi davr ruhini, talabini hali toʻlaligicha anglab, tushunib yetganicha yoʻq. Agar ular bu sohadagi korrupsiyaga barham berishda faol va Prezidentimiz tarafida boʻlganida edi, bu boradagi ishlar ancha samarali boʻlardi.

Uchinchidan, taʼkidlab oʻtilgan taʼlim muassasalariga tarbiyachi-pedagoglarni ishga olishdagi muammolar. Taʼlimda son, miqdor, albatta, tom maʼnodagi sifatga aylanishi shart, yoʻqsa barcha qilinayotgan ishlar, saʼy-harakatlar besamar ketadi. Taʼlim, undagi sifat va samaradorlik har tomonlama va toʻliq tarbiyachiga, muallimga, uning pedagogik salohiyati va mahoratiga, tajribasiga bogʻliq. Olib boriladigan mashgʻulotning, darsning texnik vositalari, turli pedagogik usullar tarbiyachi, muallimning jonli va taʼsirli muloqoti, mahorati, malakasi va tajribasi oldida ikkinchi darajali vositalardir. Tarbiyachilar, muallimlar esa turlicha bilim, dunyoqarash, fazilat va har xil feʼl-atvorga ega turfa xil insonlardir. Ular oliy taʼlim muassasalarida guruh-guruh, kurs-kurs holida taʼlim-tarbiya olayotgan boʻlsalar-da, hech qachon konveyerdan chiqadigan bir xil andozadagi tovarlardek yoki katta-kichik paykallarga ekiladigan qishloq xoʻjalik ekinlari mahsulotlari kabi tayyorlanmaydi yoki yetishtirilmaydi. Shuning uchun tarbiyachi, muallimni ishga tanlashda, ishga qabul qilishda uning individual fazilatlari va oʻquv-pedagogik jihatlariga alohida eʼtibor qaratilishi kerak.

Toʻrtinchidan, oylik maoshlari oshirib borilayotgan, turli qogʻozbozligu majlisbozliklar, hasharu taʼlimdan boshqa har qanday ishlarga jalb qilinishdan butunlay ozod etilgan tarbiyachi, muallimlar oldida sifatli mashgʻulot, dars oʻtish, koʻzlari chaqnab turgan shogirdlariga mehru muhabbat bilan puxta bilim berish vazifasi turibdi.

Hurmatli tarbiyachi, muallimlar bunga tayyormi? Oyda-yilda bitta badiiy asar oʻqimaydigan, oʻz mutaxassisligi boʻyicha biror gazeta yoki jurnalga obuna boʻlmaydigan, ularni muntazam kuzatib bormaydigan, binobarin, oʻz sohasiga doir soʻnggi maʼlumotlar, yangiliklardan bexabar, faqat darslik materiallari bilan chegaralanib qolayotgan “ustoz” oʻz shogirdlaridan ortda qolib ketmayaptimi? Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, talabga “labbay” deb javob beryaptimi? Eldan ortda qolmaslik uchun nima qilyapti?

Beshinchidan, mehnatni munosib taqdirlash muammosi. Har bir jamiyatda oʻz vazifasini sidqidildan bajarayotgan shaxs ishining sifatiga qarab ragʻbatlantirib boriladi. Bizda esa bunga har doim ham jiddiy eʼtibor berilmaydi. Ragʻbatlantirishlar koʻp hollarda oshkoralikdan yiroq ravishda ayrim rahbarlarning xohish-istagiga koʻra amalga oshiriladi. Bunda baʼzi birovlar ust-ustiga moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib yuborilsa, ayrimlar bir umr halol, pokiza, boshqalarga namuna boʻlarli darajada ishlab, biror marta “Maqtov yorligʻi”ga ham loyiq koʻrilmaydi. Bu hol, oʻz navbatida, taʼlim-tarbiya sifatiga salbiy taʼsir etmay qolmaydi.

Oltinchidan, mavjud dasturlar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalarini jiddiy qayta koʻrib chiqish kerak. Ulardagi yillar davomida qaytarilayotgan xatoliklar tuzatilishi, berilayotgan nazariy va amaliy materiallarning oʻquvchilar yoshiga mosligini taʼminlash, darsliklarning juda qisqa muddatda hadeb yangilanaverilishiga barham berish kerak.

Yettinchidan, shogirdlar bilimini obyektiv – haqqoniy, adolatli, xolisona, hech qanday taʼmayu shaʼmalarsiz toʻgʻri baholash. Bu tarbiyachi va muallimlar oldida turgan eng muhim va aytish mumkinki, eng dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Chunki tarbiyalanuvchi, taʼlim oluvchining har bir harakati, intilishi, bergan javobi ochiq, toʻgʻri va xolisona baholanmas ekan, unda ustozdan norozilik kayfiyati tugʻilishi tabiiy. Bunday kayfiyat esa uni ilm olishga, oʻrganishga ragʻbatlantirmaydi, aksincha, intilishdan, izlanishdan, faollikdan qaytaradi. Alal oqibat, ularda intilish, tashabbuskorlik, koʻp narsani bilishga boʻlgan katta ishtiyoq pasaya boradi va jamiyatda loqayd, befarq, oʻzidan boshqani oʻylamaydigan, xudbin insonlar paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Biz bugungi kunda ana shu muammoning – talabalar bilimi ustozlar tomonidan uzoq vaqt haqqoniy baholanmaganligining naqadar ogʻir oqibatlarga olib kelgani va uni tuzatish esa juda qiyin boʻlayotganining guvohi boʻlib turibmiz.

Jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qila olmayotgan savodi haminqadar, nutqi nursiz muallimlar, shifo istab kelgan bemorlarini davolashdan koʻra mayib-majruh etayotgan shifokorlar, qonun ustuvorligini taʼminlay olmayotgan manfaatparast huquq posbonlari, qurgan binolari bir yilga ham yetmay tutday toʻkilayotgan quruvchi-muhandislar, biznes-rejalari el manfaati yoʻlida foyda keltirish oʻrniga milliard-milliard soʻm zarar keltirayotgan hisobchi-iqtisodchilar va boshqa turli sohalarda muqim oʻtirib olgan yaroqsiz mutaxassislar, qoʻrs, qoʻpol, noʻnoq rahbarlar osmondan tushgani yoʻq. Ularning bilimiga, iqtidoriga bogʻchada, maktabda, kollejda, institutda, universitetda oʻzimiz oshirib, taʼmagirlik bilan noxolis, notoʻgʻri baho qoʻyib kelganmiz va endi bu qilmishlarimizning achchiq mevasini totmoqdamiz, jabrini birgalashib tortmoqdamiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz taʼlim tizimida izchil davom ettirilayotgan islohotlarning yuqori natijadorligini taʼminlash har birimizning – hammamizning faol saʼy-harakatimizga bogʻliq ekanini unutmaylik. Barchamiz bugungi ijtimoiy, iqtisodiy va texnik taraqqiyot tufayli hayot ehtiyojiga aylanayotgan yangicha fikrlash, yangicha harakat, erkin ijod qilish va farovon yashash sari toʻxtovsiz intilishimiz, taʼlim sohasining eng quyidan oliy bosqichigacha boshlangan islohotlarda faol ishtirok etishimiz lozim.

Mardon BOLTAYEV,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.


903
OʻzA