O‘zA O`zbek

05.07.2019 19:43 Chop etish versiyasi

Taʼlim tizimida eskicha dunyoqarash, yillar davomida shakllangan anʼanalardan voz kechish kerakmi?

Taʼlim tizimida eskicha dunyoqarash, yillar davomida shakllangan anʼanalardan voz kechish kerakmi?

Taʼlim, kimgadir bilim berish har qanday sharoitda ham insonlar tomonidan hurmatga sazovor ish boʻlgan.

Shu bois ham xalqimizda “Ustoz – otangdek ulugʻ” kabi oʻqituvchilarni eʼzozlaydigan maqollar yuzaga kelgan. Oʻzbekistonda keyingi paytda oʻqituvchining ijtimoiy maqomini koʻtarish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, ishni ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirishdan boshlash lozimligi hozirgi vaqtda barchamizga ayon boʻlib qoldi.

Xalqaro press klubning “Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimi: islohotlarning yangi bosqichi va muammolarning chuqur tahlili va tezkor yechimlari” mavzusidagi sessiyalarida koʻtarilayotgan masalalar kaminani ham qalam olib uzoq vaqtdan buyon oʻylab yurganim, ammo kimgadir aytishga istihola qilgan fikrlarimni qogʻozga tushirishga undadi.

Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish tizimida ishlayotganim bois ham bu masala menga begona emas, boisi biz oliy taʼlim bosqichini bosib oʻtgan pedagog xodimlar bilan ishlaymiz. Umuman, taʼlimning barcha bosqichida biz duch kelayotgan muammo bu eskicha dunyoqarash, yillar davomida shakllanib kelgan anʼanalarning yuzidan oʻtolmasligimizdir, desam, xato qilmagan boʻlaman.

Press klub sessiyalarida SamDU rektori R.Xolmurodov taʼkidlaganlaridek, taʼlimning ikki lokomotivi: mustaqil fikrlaydigan talaba va izlanishdan toʻxtamaydigan oʻqituvchiga juda katta ehtiyoj bor. Bunday talaba va oʻqituvchiga erishish uchun birinchi navbatda dunyoqarashni oʻzgartirishimiz kerak, deb hisoblayman. Barcha ijobiy oʻzgarishlar ongdan boshlanmas ekan, bunday oʻzgarishlarning roʻy berganini hech kim bilmay qolaveradi. Albatta, dunyoqarashni yoppasiga va birdan oʻzgartirib boʻlmaydi, ammo bu ish sekin-sekin amalga oshirilsa, kutilgan natijalarni beradi. Avvalo, oliy taʼlim tizimida oʻqitiladigan darslarning mohiyatini toʻgʻri anglamoq kerak. Maʼruza darslarini ayrim talabalarimiz miriqib uxlaydigan mashgʻulot deb bilsa, ayrim domlalarimiz sakson daqiqa davomida istagan narsasini gapirishi mumkin boʻlgan dars deb biladi.

Oʻquvchining diqqatini uzogʻi bilan 12-15 daqiqagacha jalb qilib turish mumkinligi, undan soʻng, albatta, biror yangilik qilish lozimligi pedagogikada koʻp bora isbotini topgan masalalardan hisoblanadi. Ammo, ming afsuski juda koʻp maʼruzalarda talabalarning mudragan, oʻqituvchining bir xil gapni takrorlashdan zerikkan qiyofalariga duch kelmoqdamiz.

Amaliy mashgʻulot yoki seminar darslarida esa koʻpincha talabalar kitobda yozilgan maʼlumotlarni qayta aytib berish bilangina cheklanib qolmoqda. Amaliy mashgʻulotda biror-bir masala qoʻyilib, uning yechimi talabalar va oʻqituvchi ishtirokida topilishi, seminar darslarida esa muayyan muammo atrofida turlicha fikrlar bildirilib, soʻngra bu muammo hal qilinishi kerak ekanligi pedagogika kitoblaridagina qolib ketgandek, nazarimda.

Talaba uchun aʼlo baho olish faqat berilgan materialni oʻqib qayta aytib bersa boʻldi. Vaholanki, bilish va tushunish bilimning, tafakkurning eng quyi bosqichi hisoblanadi.

Biz tafakkurning eng quyi bosqichiga aʼlo baho qoʻyayotgan ekanmiz, talabalarimiz mustaqil fikrlashga harakat ham qilishmaydi. Chunki uyga berilayotgan vazifaning mohiyati oʻqib qayta aytib berishdangina iborat. Biz tahlil qilish, umumiy xulosa chiqarish va baholashga qodir talabani tayyorlasakkina taʼlim tizimidagi bir qator kamchiliklar barham topadi. Talabani tafakkurning yuqori darajasida fikrlashga undovchi topshiriqlar tuzish esa har qanday oʻqituvchini oʻz ustida ishlashga majbur qiladi.

Ustozimiz M.Muhiddinov “Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimi va tamoyillari oʻzgarishi kerak” deb nomlangan maqolalarida taʼlimni zanjirga oʻxshatganlar, haqiqatan ham, taʼlim shunday zanjirki, unda maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi va oliy taʼlim bir-biriga chambarchas bogʻlangan. Maʼlumki, 2021- yilda Oʻzbekiston xalqaro baholash dasturi boʻlgan PISA sinovlaridan oʻtadi. PISA 8-sinf oʻquvchilarining aniq va tabiiy fanlar hamda oʻqish savodxonligi boʻyicha bilimlarini baholaydigan xalqaro dastur hisoblanadi. Ana shunday dasturlar inson kapitaliga alohida eʼtibor qaratilayotganini, endilikda inson intellekti nihoyatda muhim tovar sifatida baholanayotganining oʻziyoq bizdan yangicha fikrlash, dars jarayonlariga oʻzgacha yondashuvni talab qilmoqda.

Talabani fikrlashga, muayyan muammolarni tahlili qilishga, umumiy xulosa chiqarishga va hodisalarni baholashga undaydigan oʻquv-topshiriqlarini ishlab chiqish orqali biz boʻlgʻusi pedagoglarimizni xalqaro baholash dasturlariga ham tayyorlab boramiz.

Biz xalq taʼlimi tizimida interaktiv metodlar haqida bong urayotgan bir paytda oliy taʼlimni bitirib chiqayotgan talabalarning aksariyati bunday metodlardan bexabar holda maʼlum fandan maktabda dars berish huquqini beruvchi diplomni qoʻlga kiritmoqda. Vaholanki, oʻsha talabaga ham universitetda pedagogika, taʼlim texnologiyalari, tegishli fanni oʻqitish metodikasi kabi darslar oʻtilgan. Bu darslarda interfaol metodlar, interfaol dars haqida nazariy maʼlumotlar berilgan boʻlsa-da, amalda qoʻllanmagani uchun ham bugun oʻqituvchilarimiz interfaol dars turini chetlab oʻtmoqda.

Toʻgʻri, OTMda koʻplab jonkuyar, zamonaviy bilimga ega va buni amalda qoʻllayotgan oʻqituvchilarimiz anchagina, ammo ularning tajribalarini keng koʻlamda ommalashtirish vaqti kelganini tan olishimiz lozim. 1980-yilda tadqiqotchi pedagog Norm Grin oʻqitishning sxemasini ishlab chiqdi. Unga koʻra, tinglovchi eshitish orqali berilgan maʼlumotning 5 foizini, oʻqish orqali 10 foizini, koʻrib-eshitish orqali 20 foizini, savol-javoblarda 30 foizini, bahs-munozaralarda 50 foizini, amalda bajarish orqali 75 foizini hamda mustaqil oʻrganish va boshqalarga oʻrgatish orqali 90 foizini oʻzlashtirar ekan. Ushbu tadqiqotdan ham maʼlum boʻlmoqdaki, talabaning mustaqil ishlashi eng yuqori natijalarni yuzaga keltiradi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, oliy taʼlim tizimi misoli richag: u mustahkam va puxta boʻlsa, yondosh sohalar ham mustahkam boʻladi. Yuqoridagi muammolarning yechimi sifatida oʻqituvchilardan talabani fikrlashga undovchi darslarni va talabalardan tafakkurning yuqori darajasidagi yechimlarni talab qilish oʻrinli boʻladi. 

Shomurodova Sitora Xoshim qizi, 
Samarqand viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi oʻqituvchisi

O'zA
4 218