O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Taʼlim tizimi xodimlari test sinovlari topshirmoqda

Taʼlim tizimi xodimlari test sinovlari topshirmoqda

Guliston shahrida Sirdaryo viloyati xalq taʼlimi tizimidagi rahbar kadrlar va xodimlar bilimini tekshirish maqsadida test sinovlari oʻtkazilmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkor hamkorligida joriy yilning 7-oktyabr kuni boshlangan test sinovlarida 1 ming 800 nafar oʻqituvchi va metodistlar ishtirok etdi.

Bu haqda Xalq taʼlimi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi axborot xizmati xabar berdi.

Viloyatdagi mavjud 309 ta umumiy taʼlim maktablarida tahsil olayotgan 155 ming oʻquvchiga 12 ming 500 nafar pedagog taʼlim-tarbiya berayotir.

Prezidentimiz tomonidan xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida yuklatilgan vazifalar ijrosi doirasida viloyatda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan maktablardagi real holat va oʻqituvchilarning bilim darajalarini oʻrganish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 3-oktyabridan buyon respublika Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilarining bilim darajasi baholanib borilmoqda. Shu kunga qadar inspeksiyaning ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi maktablarning 43,7 foizi yoki 135 tasi oʻrganib chiqildi.

Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida oʻtkazilayotgan ochiq, oshkora hamda xavfsizlik toʻliq taʼminlagan holda fanlar kesimida mavjud boʻlgan testlar bazasi asosida viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimlari xodimlari, maktab direktorlarining rahbarlik qobiliyati, boshqaruv mahorati, metodistlar hamda oʻqityvchilarning tegishli fanlar boʻyicha bilimlarini aniqlash boʻyicha test sinovlarini belgilangan jadval asosida 3 smenada oʻtkazilib, har bir smenaga 600 nafar oʻqituvchi qamrab olindi.

– Test sinovlari oʻtkazilayotgan “Alpomish” sport majmuasi shaxsni identifikatsiya qilish vositalari, video kuzatuv hamda aloqa toʻlqinini toʻsuvchi qurilmalar bilan jihozlanib, ular toʻla ishchi holatiga keltirildi, – deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi A. Abdurahmonov. – Sinovlar oʻtkaziladigan binolar yetarli miqdorda bir oʻrinli stol va stullar, zarur texnika vositalari bilan jihozlanib, nazorat xizmati postlari tashkil etildi. Mazkur test sinovlari orqali viloyatimiz pedagoglarining bilim darajasi aniqlanib, testlarning natijalariga qarab baʼzi bunga zarurati boʻlgan oʻqituvchilarimiz uchun malaka oshirish saboqlari belgilanadi. Ushbu sinovlarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – Davlatimiz rahbari tomonidan Sirdaryo viloyatini taʼlim sifati jihatdan respublikada namunali hududga aylantirish boʻyicha bildirgan tashabbusi ijrosini taʼminlashdir. Shuningdek, viloyatdagi taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan maktablardagi real holat va oʻqituvchilarning bilim darajasini yanada yuksaltirishdir.

Test jarayonlarini nazorat qilish uchun Guliston davlat universitetining 90 nafar malakali mutaxassislari kuzatuvchi sifatida jalb qilingan.

Sinovlar joriy yil 13-oktyabr kuni yakunlanib, ushbu jarayonda viloyatdagi xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan barcha 12 ming 506 nafar pedagoglar toʻliq qamrab olinishi koʻzda tutilgan.

304
Abdujalol QAYUMOV, OʻzA