O‘zA O`zbek

04.08.2018 19:44 Chop etish versiyasi

Ta’lim-tarbiya borasidagi ezgu ishlarga vijdonan yondashilyaptimi?

Ta’lim-tarbiya borasidagi ezgu ishlarga vijdonan yondashilyaptimi?

Yozgi ta’tilning so‘nggi oyi ham boshlandi. Yangi o‘quv mavsumida maktablar va ularning atrofi obod bo‘lsa, sinfxonalar ta’mirlangan, dars va mashg‘ulot o‘tishga tayyor tursa, o‘quvchi ham ana shunday kayfiyatda mavsumni boshlaydi. Xo‘sh, barcha bilim maskanlari ham yangi o‘quv yiliga tayyormi?

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi taqdim etgan statistik raqamlarga murojaat qilsak. Unga ko‘ra, respublikamizdagi mavjud 9628 ta maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan reja-grafik ishlab chiqilgan bo‘lib, 1 avgust holatiga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasalarining 6828 tasi yangi o‘quv yiliga tayyor, 2800 tasi esa tayyor emas, deb topilgan. 

E’tibor bering, agar 2800 ta maktab hali o‘qishga shay bo‘lmasa, yangi o‘quv yili 10 minglab o‘quvchilardan remontga pul yig‘ish bilan boshlanadimi? Bu yoqda kimga chiqim – ota-onaga chiqim. Vaziyatni hududlar asosida ko‘radigan bo‘lsak, Farg‘ona, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida maktablarning aksariyati yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirilgan. 

Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Andijon,Qashqadaryo viloyatlaridagi mavjud maktablarning yarmidagina ishlar amalga oshirilgan, xolos. 

Mazkur ishlarning borishida ayrim hududiy hokimliklar va buyurtmachi tashkilotlar tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, amalga oshirilgan ishlar rejaga nisbatan Navoiy viloyatida 33%, Surxondaryo viloyatida 36%, Sirdaryo viloyatida 38%, Toshkent shahrida 44% ga bajarilgan. 

Bosh prokuratura va FVV hamkorlikda ayni yo‘nalishda reydlar olib bordi. Manzil esa poytaxtning Shayxontohur tumani. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimiz, shahar hokimiyati tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka ko‘ra, 1 avgust holatiga Shayxontour tumanida 34 ta maktab yangi o‘quv yiliga tayyorligi ko‘rsatilgan. Aslida-chi?.. 

YUZAKI TA’MIRLASH ISHLARI MAKTAB JAMOASI HISOBIDAN
Tumandagi 276-umumiy o‘rta-ta’lim maktabi. O‘quv binosining orqa tarafi suvsizlikdan qaqrab qolgan. Maktab korpuslari bus-butundek ko‘rinadi-yu, ammo sinchiklab qaralsa, inshoot avariya holatida. 1987 yilda qurilgan bu binoning pastgi qismidagi yoriqlar xuddi belbog‘ga o‘xshaydi.
4.jpeg

Maktab mutasaddilarining aytishicha, darz ketgan devordagi mana shu yoriqlardan qishda sinfxonalarga sovuq havo kirar ekan. 
Maktabda evakutsiya sxemalari o‘rnatilgan, ammo zaxira eshiklari anchadan beri ochilmagan. Shunday ekan, favqulodda vaziyatlarda zaxira eshiklari bir harakatda, tezkor ochilishiga kim kafolat beradi? 

Sinf xonalar, ichki koridorlar, devorlar ta’mirtalab holda. Maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi ayolning aytishicha, bir-ikki homiy shaxslarning va’dasiga ishonilgani sabab muassasada joriy ta’mirlash ishlari bajarilmagan. Bu yerda qilinayotgan yuzaki ta’mirlash ishlari esa maktab jamoasining o‘z hisobidan amalga oshirilyapti. 

ESKI QURILISHDAN QOLGAN CHUQUR

Shayxontohur tumanidagi 141-maktab. 1953 yilda qurilgan bu o‘quv muassasi 2013-2014-yillarda kapital ta’mirdan chiqqan. Joriy tamirlash ishlari esa davom etmoqda. Maktab oshxonasi to‘liq yangilangan. 

2.jpg

Sinf xonalarining holati ham qoniqarli. Ammo mazkur manzil ham kamchiliklardan xoli emas. O‘quv binosining yon tarafida eski qurilishdan qolgan chuqur bor. Bu tabiiyki, o‘quvchilar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Ichki yo‘laklarda favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakatlanishni ko‘rsatuvchi evakuatsiya sxemalari joylashtirilmagan. Aslida, bu kabi yo‘l-yo‘riqlar sinflardan chiqishda, yo‘laklarda ko‘rinarli qilib joylashtirilishi lozim edi. 

QO‘SHTIRNOQ ICHIDAGI HOMIYLAR
Shayxontohur tumanidagi 167-umumta’lim maktabidaga kuzatuvlar davomida e’tiborni tortgan narsa maktab stadioni bo‘ldi. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari o‘tiladigan maydon holati umuman talabga javob bermaydi. Buning sababi esa yana o‘sha qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon homiylar bilan bog‘liq. Kimlarningdir quruq gapiga ishonib, yuzlab o‘g‘il-qizning ta’lim-tarbiyasi-yu sharoitiga yuzaki qarab bo‘larmikan? 

2007 yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan mazkur maktabda joriy ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Lekin bu inshoot devorlarining ichki va tashqi taraflarida ham yoriqlar paydo bo‘lgan. 

Shuningdek, bino ichiga, koridorlarga maxsus evakuatsiya sxemalari ko‘rinarli tartibda joylashtirilmagan. Yong‘inga qarshi uskunalar nosoz holatda. Bu yerda ham favqulodda vaziyatlarda zarur bo‘ladigan zaxira eshiklari yillar davomida ochilmagani sabab tambalab tashlangan. 

MTMlar AHVOLIGA HAM NAZAR SOLAMIZ
Mamlakatimizda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgandan so‘ng, tegishli mutaxassislar bilan respublikadagi barcha 5240 ta MTMning ahvoli to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Natijada ularning aksariyati ta’mirtalab ahvolda ekanligi, moddiy-texnik bazasi yangilanmagani, aniqlandi. Respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida 264 ta, “Obod mahalla” dasturi doirasida esa 105 ta maktabgacha ta’lim muassasasi to‘liq ta’mirlanmoqda. 2018 yilda jami 736 ta maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanishi rejalashtirilgan. 
Shu o‘rinda Shayxontohur tumanidagi ba’zi MTMning mavjud holatiga nazar solsak. 

E’TIBORDAN CHЕTDA QOLDIRISH QANCHALIK TO‘G‘RI?
“Qoxota” mahallasida joylashgan 21-MTMni tashqaridan qaraganda xuddi omborxonaga o‘xshatish mumkin. Ichkariga kiraverishda joylashgan elektroshit ham ochiq holatda. Agar biror bola tasodifan unga tegib ketsa bormi?.. 

7.jpg

Bog‘cha binosi 1935 yilda qurilganini hisobga olsak, uning devorlari va tom qismini mustahkam, deyish amrimahol. Yo‘laklar notekis, sun’iy suv havzasidagi suvni ham sanitariya qoidalariga to‘g‘ri keladi, deb bo‘lmaydi. 

Muassasa mudirasining aytishicha, mahalla bilan birga bu bog‘cha ham buzilish ro‘yxatiga tushgani sabab bu yerdaga ta’mirlash ishlar to‘xtab qolgan. Baribir buziladi deb, bog‘chani e’tibordan chetda qoldirish qanchalik to‘g‘ri? Axir bu yerda bir emas, 60dan ortiq bola tarbiyalanishda davom etmoqda. 

TAMBALAB TASHLANGAN ZAXIRA ESHIKLAR
Tumandagi 84-sonli MTMda ham bir qancha kamchiliklarni ko‘rish mumkin. Bu yerda bolalarga yaratilgan sharoitlar qoniqarli bo‘lgani bilan xavfsizlik choralariga e’tibor berilmagan. 
Masalan, favqulodda vaziyatlarda foydalaniladigan zaxira chiqish eshiklari tambalab tashlangan. 

8.jpg

Elektrosimlar ochiq holda turibdi. Tepa qavatdan tushgan zinalar ham ta’mirtalab ahvolda. Bino atrofidagi chuqurlar usti ham yopilmagan. Yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi-yu xavfsizligi doimo birlamchi ahamiyatga ega. 

Darhaqiqat, har bir o‘zgarish, har bir harakat ertangi kunning farovonligiga xizmat qiladi. Ayniqsa ta’lim-tarbiya borasida ezgu ishlarga vijdonan yondashish, kerak bo‘lsa, har bir inson uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib qolaveradi. 

Bosh prokuratura huzuridagi axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda O‘zA
3 382