O‘zA O`zbek

02.06.2020 Chop etish versiyasi

Taʼlim-tarbiya beshikdan boshlanadi

Taʼlim-tarbiya beshikdan boshlanadi
“Yoshlar oyligi” 

Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 25-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, 30-iyun – Yoshlar kuni etib belgilangan edi. Anʼanaga muvofiq joriy yilda ham 1-30-iyun sanasi “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilindi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini bolalar taʼlim-tarbiyasi, ularni qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish masalalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “taʼlim-tarbiya beshikdan boshlanadi”.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekistonda bolalarning majburiy mehnatiga toʻliq barham berishga erishildi. Ushbu natija xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak eʼtirof etilib, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldidagi imiji oshishiga sabab boʻldi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda bolalarni sifatli taʼlim bilan taʼminlash, maktabgacha taʼlim tizimi qamrovini oshirishda ham sezilarli oʻzgarishlar bor. Mamlakatimizda 9 milliondan ortiq 18 yoshgacha boʻlgan bolalar istiqomat qiladi. Bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan bolalar soni 6 million 200 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.

 Oʻzbekiston bolalarining maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrovi esa 2019-yilda 38 foizdan 52 foizga koʻtarildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalar va ularning yaqinlari hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 16 yoshga toʻlguniga qadar kuchli ijtimoiy himoyasini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri boʻlib kelmoqda.

YUNISEFning tahliliy maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har 5-6 bola taʼlim olish huquqidan bebahra katta boʻlmoqda. Taʼlim olish imkoniga ega boʻlmagan bolalar soni bugungi kunda 258 million nafarni tashkil qilmoqda.

Dunyo bolalarining 83,5 foizi bugungi kunda taʼlim muassasalarida taʼqib (bulling)ga uchrayotgani, bu muammo mamlakatimiz taʼlim dargohlarida ham kuzatilayotgani Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarni ham bezovta qilmoqda.

Bolalarning salomatligini saqlash, toʻgʻri ovqatlanishini tashkil etish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish borasida hali koʻp muammolar oʻz yechimini kutmoqda.

Ming afsuski, yon-atrofimizda bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik holatlari ham uchrab turibdi. YUNISEFning maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 25-50 foiz bolalar jismoniy zoʻravonlikka uchramoqda.

Mamlakatimizda esa bolalar uchun xavfsiz yashash sharoiti, sifatli taʼlim va tibbiyot xizmatlarini yaratish ishlari tizmili tashkil etib kelinmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri – “Kamalak” bolalar tashkiloti negizida bolalarning isteʼdodi, iqtidorini rivojlantirish, gʻoya hamda tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim olishga qiziqishini orttirish, kasbga yoʻnaltirish, liderlik koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotining tashabbusi bilan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va “Yoshlar oyligi” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusovaning respublikamizning barcha hududlarida istiqomat qiladigan bolalar bilan ochiq muloqoti “Bolalar press-klubi” formatida tashkil etildi.

Tadbir davomida bolalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha batafsil maʼlumot olishdi, qiziqtirgan savollariga javob topdilar.

Masofaviy uchrashuv davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotining sardorlari va hududiy kengash xodimlari tomonidan Bola huquqlari boʻyicha Ombudsman faoliyatini maktabda yoʻlga qoʻyish, bunda sardorlar va Yoshlar ittifoqi salohiyatidan jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan hududlardagi vakil sifatida foydalanish, ularning joylarda bolalar bilan uchrashuvlari va tegishli seminar-treninglarni tashkil etish kabi takliflar ilgari surildi.

Yuqoridagi takliflarni amalga oshirish, yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida 30-iyun – Yoshlar kuni arafasida Bola huquqlari boʻyicha vakil va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi boʻyicha kelishib olindi.

Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy
kengashi raisi oʻrinbosari,
“Kamalak” bolalar tashkiloti raisi

1 968
OʻzA