O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 19:29 Chop etish versiyasi

Suyultirilgan gaz uchun kompozit ballonlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

Suyultirilgan gaz uchun kompozit ballonlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi Toshkent viloyatining Angren tumanida suyultirilgan gaz uchun moʻljallangan kompozit ballonlarni ishlab chiqaradigan yangi “UNG ECCONN” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi ishga tushirildi.

Qoʻshma korxona taʼsischilari boʻlgan “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Neftgazinvest” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Koreya Respublikasining “Hyundai International Co.Ltd.” ushbu loyihada teng ulushga ega.

Qiymati jami 5,3 million AQSH dollarini tashkil etgan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 60 ming dona “ECONN 20” kompozit ballonni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda esa ushbu koʻrsatkich ikki barobarga ortishi kutilmoqda.

Hozir bu yerda 50 litr hajmga ega 20 kilogrammlik ballonlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yaroqlilik muddati oʻn yil boʻlgan kompozit ballonlarning harorat oraligʻi Selsiy boʻyicha - 40°S dan +80°S gachani tashkil etadi. Kompozit ballonning afzalligi shundaki, u metall ballondan 60 foizga yengil, korroziyaga uchramaydi va ekologik toza mahsulotdir.

Mazkur shisha-polimer ballonlarga xavfsizlik qopqogʻini oʻrnatish zaruriyati yoʻq. Chunki ular oʻn barobarlik chidamlilik darajasiga ega (metall ballonlarda ushbu koʻrsatkich 3-5 darajani tashkil qiladi). Kompozit materiallar xususiyati va dizayni evaziga portlashdan himoyalangan va mayda boʻlakchalarga parchalanmaydi.

Tahlilchilar fikriga koʻra, MDH bozorining ushbu mahsulotga boʻlgan talabi 30 million ballondan ortiqni tashkil etadi. Hozirgi kunda ishlatilayotgan ballonlarning 60 foizi eskirganini inobatga olsak, bu yangi mahsulotga talab kundan-kunga oshib boradi.

Demak, kompozit ballonlar nafaqat Oʻzbekiston aholisining ehtiyojini qondirish, balki mamlakatning eksport salohiyatini yanada koʻtarishga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA