O‘zA O`zbek

01.08.2018 20:19 Chop etish versiyasi

Suyultirilgan gaz: narx oshdi, sifat o‘zgaradimi?

Suyultirilgan gaz: narx oshdi, sifat o‘zgaradimi? Ma’lumki, joriy yil 1 avgustdan O‘zbekistonda 1 kilogramm suyultirilgan gaz narxi 800 so‘m etib belgilandi. Nima uchun aynan shu narx tanlandi? Bu bilan aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilanadimi?

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari Odil TЕMIROV O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri bilan suhbatda shu kabi savollarga javob berdi.

– Aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan suyultirilgan gaz narxi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilanadi. Ma’lumki, shu paytga qadar, aytaylik, 20 kilolik gaz ballonining narxi hududlar bo‘yicha 6,5 ming so‘mdan 14,5 ming so‘mgacha edi. 1 avgustdan bu narx barcha hududlar uchun birxillashtirilib, 1 kilogramm suyultirilgan gaz narxi 800 so‘m etib belgilandi, – deydi Odil Temirov. – Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Belgilangan qiymatdan yuqori narxda gaz sotish holati kuzatilsa, kimga murojaat qilish kerak? “O‘zbekneftgaz” AJning mamlakat bo‘ylab gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy bo‘linmalari mavjud, ularning har birida ishonch telefoni ishlab turibdi. Iste’molchilar tizimda qonunbuzarlikni payqasa, murojaat qilishi mumkin. Biz har bir murojaatni ko‘rib chiqamiz va chora ko‘ramiz.

Iste’molchilarning ehtiyojidan tashqari suyultirilgan gaz eksportga ham chiqariladi, avtomobil gaz quyish shoxobchalariga jo‘natiladi. Bilishimizcha, avtomobillar uchun mo‘ljallangan gaz qiymati tobora o‘sib bormoqda va ayrim hududlarda benzindan ham qimmat. Buni qanday izohlaysiz?

– Joriy yil may-iyun oylarida ichki birja savdolarida suyultirilgan gaz qiymatining o‘sishi kuzatildi. Bu o‘z o‘rnida yoqilg‘i narxining oshishiga sabab bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan iste’molga chiqarilayotgan gaz hajmi bu yil o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga orttirildi. Ya’ni, taqchillik haqida gapirishga asos yo‘q. Shu bilan birga, 2017 yil bilan solishtirilganda, suyultirilgan gaz quyadigan mashinalar soni 11 mingga kamaygan. Shunga qaramay, biz Tovar-xomashyo birjasida narxlarning o‘sishini kuzatmoqdamiz.

Suyultirilgan gaz birjaga ishlab chiqarish tannarxida bir tonna uchun 500 mingdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan qiymatda chiqariladi. Savdo vaqtida mijozlarning o‘zi narxni belgilaydi va eng yaxshi taklif bergan mijoz gazni sotib oladi. Hozirgi kunda biz, ishlab chiqaruvchilar va ta’minotchilar Tovar-xomashyo birjasidagi narx shakllanishini ham, gaz quyish shoxobchalaridagi narxlarni ham boshqarish imkoniga ega emasmiz.

Eksport siyosati borasida shuni aytish kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ yillik jadval asosida ishlaydi. Suyultirilgan gaz asosan qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi. Buning mamlakatdagi ichki talabga hech qanday ta’siri yo‘q.

Bu yil biz birja savdolariga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 ming tonna ko‘proq suyultirilgan gaz chiqardik. Demoqchimanki, aholi ehtiyojlari uchun taklif yetarli darajada saqlanib turibdi. O‘zingiz kuzatishingiz mumkin, hozir mamlakat bo‘ylab gaz quyish shoxobchalarida katta navbatlar kuzatilmayapti. Bu yil biz benzin ishlab chiqarish hajmini ham oshirdik. Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ oldiga suyuq yoqilg‘ining uch oylik zaxirasini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi. Biz buni ham bajarishga muvaffaq bo‘ldik.

– Suyultirilgan gaz quyadigan avtomobillar soni qisqardi, deyapsiz. Bu nima bilan bog‘liq?

– Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, suyultirilgan gaz bilan ishlaydigan yangi gaz quyish shoxobchalarini ochishga litsenziya berish to‘xtatildi. Istiqbolda suyultirilgan gazni avtomobil gaz quyish shoxobchalariga yetkazib berish ham to‘xtatiladi, deya taxmin qilish mumkin. Shu bois avtomobil egalari boshqa turdagi yoqilg‘idan foydalanishga o‘tmoqda.

– Odil Shukurovich, suyultirilgan gazni taqsimlash mexanizmi haqida gapirib bersangiz.

– Suyultirilgan gaz “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJning gaz qazib olish va qayta ishlash korxonalari tomonidan qazib chiqariladi va qayta ishlanadi. Mamlakat bo‘ylab suyultirilgan gazga talabni monitoring qilish asosida “O‘ztransgaz” AJning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy bo‘linmalari buyurtma beradi va shundan kelib chiqib, gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish punktlariga yetkazadi. O‘tgan yili aholiga 366 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 406 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Gaz ballonlarini ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish “O‘zneftgazmash” AJ tarkibiga kiruvchi Chirchiq, Buxoro va Qo‘qondagi zavodlarda amalga oshiriladi. O‘tgan yili aholiga 750 ming donadan ortiq yangi suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilgan, bu yilgi reja esa 634 ming dona. Ta’kidlash kerakki, gaz ballonlari sotilmaydi, iste’molchilar faqat uning ichidagi gazni xarid qiladi.

Ulug‘bek Asrorov suhbatlashdi, O‘zA
4 124