O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

“Suvoqova” DUKda aholidan yig‘ilgan 33 millon qaerga ketdi?

“Suvoqova” DUKda aholidan yig‘ilgan 33 millon qaerga ketdi?

Suv hisoblagichlarga tamg‘a o‘rnatish va tarmoqqa ulash uchun yig‘ilgan 33 million so‘mdan ortiq mablag‘ shaxsiy ehtiyojlarga ishlatib yuborilgan.

Surxondaryo viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Uzun tumani bo‘limi tomonidan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish va aholi xonadonlaridagi mavjud suv hisoblash uskunalariga tamg‘alar o‘rnatilishining qonuniyligi o‘rganilganda, bo‘limning mas’ul xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-qaroriga zid ish yuritgani aniqlangan. 

Mazkur hujjatda “Individual hisobga olish asbobini o‘rnatish yoki uni yechib olish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni tuzish, shuningdek yetkazib beruvchi tomonidan ularni tamg‘alash bepul amalga oshiriladi”, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, biroq viloyat “Suvoqava” davlat unitar korxonasi Uzun tumani bo‘limi mutasaddilari 2018 yil suv hisoblagichlarga tamg‘a o‘rnatish va tarmoqqa ulanish uchun 967 fuqarodan 33 million 160 ming 50 so‘m pul olgani oshkor bo‘lgan. Xususan, ular xonadonlarni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash va texnik shart berish uchun har biridan 26 ming so‘mdan, suv hisoblagichga tamg‘a o‘rnatish uchun 8 ming 650 so‘mdan olib, jamg‘arilgan bu mablag‘ni bankning maxsus kassasi orqali kirim qilmagani, sohta to‘lov pattalari tayyorlab, o‘zlarining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani malum bo‘lgan. 

Ushbu holat bo‘yicha mas’ul xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 2-qismi, “a,b“ bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

1 794
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA