O‘zA O`zbek

14.08.2019 Chop etish versiyasi

Suvni tejashga ehtiyoj yil sayin ortib boradi

Suvni tejashga ehtiyoj yil sayin ortib boradi

Butun dunyoda aholi soni shiddat bilan oʻsayotgan, iqtisodiyot tarmoqlari jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan bir paytda tabiiy neʼmatlar – suv va yer resurslari, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab yil sayin ortib bormoqda. Shunday sharoitda ulardan oqilona foydalanish, tuproqning meliorativ holati, unumdorligini oshirish, tejamkor sugʻorish usullarini keng tatbiq etish orqali ekinlardan moʻl va sifatli hosil yetishtirish davr talabidir.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mintaqamizda global iqlim oʻzgarishi sababli Tojikistonda mavjud boʻlgan 8 mingdan ortiq muzliklar maydonining 30 foizi, Qirgʻizistondagi 10 mingga yaqin muzliklar maydonining 16 foizi erib ketgan. 2030-yilga borib muzliklarning yana 15-20 foizi yoʻqolib ketishi bashorat qilinmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2015-yilda Oʻzbekiston boʻyicha umumiy suv tanqisligi 3 kilometr kubni tashkil etgan boʻlsa, 2030-yilga borib 7 kilometr kub, 2050-yilga qadar esa 11-13 kilometr kubga yetishi mumkin. Soʻnggi yillarda Orol dengizi havzasidagi suv kamaygan yillar tobora koʻpayib bormoqda. Xususan, 2000-yilga qadar har 6-8 yilda suv taqchil yillar takrorlangan boʻlsa, oxirgi vaqtlarda esa har 3-4 yilda kuzatilmoqda.

Bunday suv taqchilligini daryolarning quyi qismida hamda kanal va boshqa suv manbalaridan uzoqda joylashgan isteʼmolchilar, ayniqsa, chuqur his etmoqda. Bundan tashqari, havo haroratining koʻtarilishi tufayli qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorish meʼyori 2030-yilga borib 5 foizga, 2050-yilga borib 7-10 foizgacha oshishi taxmin qilinayotgani ham bu boradagi masʼuliyatni yanada oshirishni talab etadi.

Transchegaraviy daryolardan samarali foydalanish – davr talabi

Prezidentimizning oqilona siyosati, saʼy-harakatlari natijasida qoʻshni davlatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro doʻstona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi.

Soʻnggi yillarda mintaqadagi davlatlar bilan transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalasiga alohida eʼtibor berilib, qoʻshni davlatlarga amalga oshirilgan tashriflar davomida mintaqadagi suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish masalasi eng yuqori darajada muhokama qilindi. Unda koʻp yillardan buyon yechilmay kelayotgan masalalar hal qilindi, kelishuvlar imzolandi.

Xususan, qoʻshni davlatlar bilan suv xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasida ikki tomonlama Ishchi guruhlar tuzilib, kelishuvlarga erishilmoqda. Shuningdek, Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi doirasida ham hamkorlik amalga oshirilayapti.

– Mintaqamizning asosiy suv manbalari – Amudaryo va Sirdaryo suvining yillik oʻrtacha miqdori 114,4 kilometr kubni tashkil qiladi, – deydi Suvdan foydalanish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasi boshligʻi Sharifjon Qoʻchqorov. – Davlatlararo kelishuvga asosan ushbu daryolar oʻzanida Oʻzbekistonning ulushi yiliga oʻrtacha 56,2 milliard metr kubga tengdir. Shuningdek, respublikamiz hududida 11,47 kilometr kub miqdorda ichki suv resurslari shakllanib, shundan 4,82 kilometr kub Amudaryo daryosi havzasiga, 6,65 kilometr kub Sirdaryo daryosi havzasiga quyiladi.

Oʻzbekiston foydalanishi uchun kelishib tasdiqlangan jami suv resurslari hajmi esa yiliga 63,0 kilometr kubni tashkil qiladi.

Suvni kafolatli yetkazib berish taʼminlanmoqda

Suv resurslari chegaralangani sababli mamlakatimizda suvdan foydalanish cheklangan limitlar asosida amalga oshiriladi. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi asosiy suv isteʼmolchisi boʻlib, jami ishlatiladigan suvning oʻrtacha 90 foizi ushbu sohaga sarflanadi. Ushbu bebaho neʼmat kommunal xoʻjaligiga – 4,2 foiz, energetikaga – 2,3 foiz, sanoatga – 1,3 foiz, baliqchilik xoʻjaliklariga – 1,2 foiz va boshqa sohalarga 1 foiz miqdorida toʻgʻri keladi.

Suv xoʻjaligi inshootlarini ishlatish va zamonaviylashtirishga davlat byudjetidan juda katta mablagʻ ajratilayapti. Shuning hisobiga respublika boʻyicha har yili 5 ming kilometr magistral kanallar, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 16 ming kilometr sugʻorish va nov tarmoqlari, 10 mingga yaqin gidrotexnik inshootlar va gidropostlar tozalanib, taʼmirlanayapti.

Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida suvni tezkor boshqarish va isteʼmolchilarga oʻz vaqtida kafolatli yetkazib berish imkoniyati yaratilmoqda. Sugʻorish tarmoqlaridagi texnik va filtratsiya yoʻqotilishini kamaytirishga erishilmoqda. Jumladan, bugungi kunga kelib Oʻzbekistonda suv resurslaridan tejamli foydalanish boʻyicha olib borilayotgan davlat siyosatining natijasi oʻlaroq, foydalanilayotgan suvlarning umumiy miqdori oʻtgan asrning 80-yillariga nisbatan yiliga 64 milliard metr kubdan oʻrtacha 51 milliard metr kubgacha kamayishiga erishildi.

Agar oʻtgan asrning 90-yillari boshida 1 gektar sugʻoriladigan maydonda oʻrtacha 18 ming metr kub suv ishlatilgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 10,5 ming metr kubni tashkil etmoqda.

Sohaga oid qonun hujjatlari yanada takomillashtiriladi

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan jadal islohotlarni inobatga olgan holda “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu qonun loyihasini tayyorlash jarayonida Suv xoʻjaligi vazirligining ekspert guruhi tomonidan oʻndan ortiq rivojlangan davlatlarning suv xoʻjaligiga oid qonun, kodekslari hamda tajribalari oʻrganildi.

Shuningdek, mamlakatimiz suv xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur hujjatda Oʻzbekiston suv xoʻjaligi tizimini rivojlantirishning maqsad va vazifalari, jumladan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

– Ushbu konsepsiya loyihasini puxta va sifatli ishlab chiqish maqsadida Xitoy, Isroil, Germaniya, Ispaniya, Turkiya va Rossiya kabi rivojlangan davlatlarning suv xoʻjaligini boshqarish tizimi, suv xoʻjaligi konsepsiyalari, dasturlari hamda suvni boshqarish bilan bogʻliq hujjatlar atroflicha oʻrganildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi axborot-tahlil va resurs markazi direktori Vohidjon Ahmadjonov. – Konsepsiya loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilganidan soʻng Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.

Maqsad sohaning huquqiy asosini yanada takomillashtirish, suvdan samarali foydalanish borasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada ommalashtirishdir.

Suv tejovchi texnologiyalar omilkorlikni oshiradi

Qishloq xoʻjaligi ekinlaridan koʻzlangan hosilni olish koʻp jihatdan suvga bogʻliq. Yaʼni, ekin parvarishida agrotexnika tadbirlari oʻz vaqtida oʻtkazilsa, sugʻorishda resurstejamkor texnologiyalardan unumli foydalanilsa, tomchisi tilloga teng obihayot behuda oqizilmasa, koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Shu bois, mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan samarali va tejab foydalanishga ustuvor vazifalardan biri sifatida yondashilmoqda. Joriy yilda respublikamizda 12,6 ming gektar maydonda plyonka toʻshab, 43,5 ming gektar maydonda quvurlar orqali sugʻorish ishlari yoʻlga qoʻyildi.

1 ming 156 gektar maydonda yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi. Jumladan, Toshkent viloyatida 500 gektar maydonda “Sprinkler”, 332 gektar maydonda “Pivot”, 140 gektar maydonda “Fregat” agregatlaridan foydalanilmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bilan taʼminlashda yangi zamonaviy avtomatlashtirilgan, yuqori samaradorlikka ega kompleks sugʻorish tizimi – “Pulsar” (yopiq quvur orqali sugʻorish tizimi) texnologiyasini joriy qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilayapti. Ushbu texnologiya AQSHning “SILVERLEAFE BMB AGRO TRADE GROUP” kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida 2 ming gektar maydonda joriy etilayotir.

Mamlakatimizning nisbatan kam yogʻingarchilik boʻladigan, havo harorati issiq hududlarida tuproq ostidan sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha ham tavsiyalar tayyorlanmoqda. Mazkur texnologiya Andijon viloyatida 3 gektar maydonda sinovdan oʻtkazilayapti.

Bu kabi saʼy-harakatlar, avvalo, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, resurstejamkor sugʻorish usullarini keng tatbiq etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

1 382
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA