O‘zA O`zbek

12.02.2018 17:43 Chop etish versiyasi

Suvda ham yuradigan mashina

Suvda ham yuradigan mashina
“Vezdexod” haqida ko‘pchiligimiz eshitganmiz, bevosita bo‘lmasa-da, suratini ko‘rganmiz, hujjatli va badiiy filmlar orqali bu texnikadan qanday maqsadlarda foydalanish haqida tasavvurga egamiz.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi “Qamchiq” maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi qutqaruv otryadiga topshirilgan “Trekol” vezdexodi (yo‘ltanlamas) botqoqliklarda ham yura olishi bilan ahamiyatlidir. 

5 (1).jpg

– Mazkur yo‘ltanlamasning avvalgi transport vositalaridan farqi botqoqlik, tepalik, qalin qor ustida yurishidan tashqari, suvda ham bemalol yura olishi, aniqrog‘i, suza olishidadir, – deydi “Qamchiq” maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ortiqboy Ziyoboyev. – O‘tgan hafta mazkur mashina dastlabki sinovdan o‘tkazildi va u bizning faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish uchun zarur va keng imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatdi.

Darhaqiqat, qutqaruvchilar ekipajini tashishga mo‘ljallangan “Trekol” yo‘ltanlamasi yengillashtirilgan va sovuq o‘tkazmaydigan oyna-plastik qoplamali kuzovga ega bo‘lib, o‘zining bahaybat hajmiga nisbatan vazni ancha yengil – 3 tonna, xolos. Rossiyada ishlab chiqarilgan ushbu maxsus avariya-qutqaruv texnikasi o‘ta yuqori o‘tuvchanlik qobiliyatiga egaligi bilan shu turdagi transport vositalaridan afzal. Uch tomonlama uzatishli mashina kamerasiz shinalar bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘l xususiyatiga qarab havo bosimi qo‘lda boshqarib boriladi. Odamlarni salonga chiqarish hamda yuklarni ortish uchun oldida ikkita va kuzovning orqa qismida bitta eshik mavjud. Mashina ichida haydovchi va yo‘lovchi uchun ikkita o‘rindiq bor. Yuk ortish qismida 8 kishi yoki 700 kilogramm yuk uchun joy ajratilgan. G‘ildirak formulasi – 6x6, zich joylashgan qumloqda yuk ko‘tarish qobiliyati – 700 kilogramm. Past qatlamli tuproqlar, suv, botqoq va qorda – 400 kilogramm, yo‘l yoritish – 490 mm, shosseda maksimal tezligi – 70 km/s.

Uning serbar va o‘ta yengil, yumshoq rezinadan tayyorlangan ballonlari mashinani o‘n kishilik ekipaji bilan suv ustida bemalol ko‘tarib tura oladi va tekis yo‘ldagi kabi harakatlanishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, “Trekol” bir qancha afzallik va qulayliklari bilan texnik jihatdan shu turdagi transport vositalaridan ustunlikka ega. Har uch most (“ko‘prik”)ning mustaqil ishlashi ballonlardan biri yorilib ketgan taqdirda ham uni olib qo‘yib harakatni davom ettirish imkonini beradi.

9.jpg

– Otryadimiz Toshkent – O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan 171-291 kilometrlaridagi qidiruv-qutqaruv ishlariga mas’ul, – deydi otryad komandiri, kapitan Umid Shorustamboyev. – Bu Toshkent viloyatining Angren shahridan Namangan viloyatining Pop tumani Xonobod qishlog‘igacha bo‘lgan masofani tashkil etadi. Otryad tarkibida qutqaruvchi, qutqaruvchi-haydovchi, kinolog, feldsher, radiatsion-kimyoviy-biologik (bakteriologik) muhofaza guruhi tunu-kun navbatchilik qiladi. Hozircha mamlakatimizda yagona bo‘lgan eng zamonaviy qutqaruv transporti qutqaruv-qidiruv ishlarini ancha yengillashtiradi.

Ayni paytda mazkur otryad tasarrufida zamonaviy qidiruv-qutqaruv texnika vositalari va anjomlari bilan jihozlangan texnik xizmat ko‘rsatuvchi “KamAZ” mashinasi, ko‘tarish quvvati 40 tonna bo‘lgan “MAN” evakuatori, halokat hududidan odamlarni tashishga mo‘ljallangan “Nefaz” rusumli avtomobillar hamda qorda yuruvchi “Tayga” mototransporti kabi maxsus texnikalar mavjud. Ular favqulodda holatlar chog‘idagi qidiruv-qutqaruv ishlari tezkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

10 (1).jpg

– 2017-yilning 26-27 dekabr kunlari sodir bo‘lgan kuchli qorbo‘ronda dovon yo‘lida transport harakati izdan chiqib, tirbandlik vujudga keldi, – deydi Umid Shorustamboyev. – Natijada yo‘lovchilar qattiq sovuq sharoitda mashinalarda qolib ketdi. Ikki tomonlama – Angren va Namangan qidiruv-qutqaruv otryadlari harakatga keltirilib, 200 nafardan ziyod yo‘lovchi evakuatsiya qilindi. Bu jarayonda zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlanganligimiz hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Toshkent – O‘sh avtomobil yo‘lining dovondan o‘tgan qismida har 5-6 kilometrda, ya’ni 14 nuqtada Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv-qidiruv boshqarmasining postlari tashkil qilingan. Otryad maskanlarida esa yo‘lovchilarni issiqda saqlash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, issiq ovqat, aloqa xizmatlari bilan ta’minlash uchun barcha sharoit yaratilgan.

14.jpg

Qutqaruv-qidiruv otryadlarining moddiy-texnik bazasini davr talabi darajasida mustahkamlab borish izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, hozircha mamlakatimizda yagona bo‘lgan “Trekol” yo‘ltanlamasidan yana bitta keltiriladi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
19 027