O‘zA O`zbek

20.05.2019 Chop etish versiyasi

Suvaysh kanali haqida nimalarni bilamiz?

Suvaysh kanali haqida nimalarni bilamiz?

Suvaysh kanalining yangi irmog‘i 2015 yilning 6 avgust kuni foydalanishga topshirilgandi. Yangi yo‘nalish bundan bir asr avval foydalanishga topshirilgan kanal bilan bir qatorda faoliyat yuritmoqda. Eski kanal bir yilda Misr xazinasiga 5 milliard dollar miqdorida daromad keltiradi. Bu - daromad masalasida Misr uchun sayyohlik sohasidan keyin ikkinchi o‘rinda turishni anglatadi.

Suvaysh kanali Yevropani Osiyo bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘lagi hisoblanadi. Agar bu kanal bo‘lmaganda edi, kemalar 8 ming kilometr yo‘l bosib, Afrikani aylanib o‘tardi. Bir yilda kanaldan o‘n minglab, bir kunda 48 ta kema o‘tadi. Masofa 14 soatda bosib o‘tilishi aytiladi.

Suvaysh kanali O‘rta yer va Qizil dengizlarini bir biri bilan bog‘laydi. Sinay yarim orolidan o‘tuvchi Suvaysh kanalining uzunligi 160 kilometr, eni esa 350 metrni tashkil qiladi. Bu kanal O‘rta yer dengizidagi Port-Said shahridan boshlanib, Qizil dengizdagi Suvaysh portida nihoyasiga yetadi. Kanal ma’muriyati Port-Fuadda joylashgan.

Tarixchilarning fikricha, fir’avnlarning o‘n ikkinchi sulolasi vakili Senusert III davrida eramizdan avvalgi 1888-1878 yillarda g‘arbdan sharqqa tomon kanal qazdirmoqchi bo‘lgan. Undan keyin esa qudratli firavnlar Ramzes II va Nexo Ikkinchilar ham bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Tarixchi Gerodotning yozishicha, Nexo Ikkinchi Nildan to Qizil dengizgacha kanal qurmoqchi bo‘lgan va bu rejasini oxiriga yetkaza olmagan. Kanal Fors podshohi Doro Birinchi tomonidan eramizdan avvalgi 500 yilda foydalanishga topshirilgan. Eramizning 776 yilida arab hukmdorlari bu kanalni tuproq bilan to‘ldirib tashladi. 1569 yilda kanalni qayta qazish masalasi kun tartibiga qo‘yiladi. Biroq bu reja qog‘ozda qolib ketadi.

1798 yilda Misrga kelgan Napoleon Bonapart kanal qurilishi imkoniyatlarini o‘rganib chiqish borasida ko‘rsatma beradi. Bu borada maxsus komissiya tashkil etildi. Biroq injener Leper boshchiligidagi bu komissiya noto‘g‘ri xulosaga keladi. Loyiha amalga oshmaydi. Bunga nafaqat texnik va moliyaviy qiyinchiliklar, balki siyosiy jarayonlar ham sabab bo‘ldi. Ya’ni 1800 yilda Napoleon Misrni zabt etish niyatidan qaytadi va kanal qurishga ehtiyoj qolmaydi. 1841 yilda Buyuk Britaniya zobitlari Leperning xatosini aniqlashadi.

photo5411552432846121692.jpg

1855 yilda fransiyalik diplomat Ferdinand de Lesseps kanal qurilishi uchun Misr vitse-qiroli Said-poshshodan ijozat oladi. Said Poshsho kanal qurilishi uchun kompaniya tashkil etilishiga ruxsat berdi. Bu kompaniya 1859 yilda Parijda tashkil etildi. Ayni o‘sha yili kanal qurilishi boshlab yuborildi. Aksiyalarning 44 foizi Misr hukumatiga, 53 foizi Fransiyaga, 3 foizi esa boshqa mamlakatlarga tegishli edi. Kanal qurilishi qiyinchiliklar bilan olib borildi. Ishchilarga ichimlik suvi yetkazib berilishi uchungina 1 ming 650 ta tuyadan foydalanildi. Kanal qazilishiga asosan misrliklar jalb qilindi. 10 yil mobaynida bu yerda har oyda o‘rtacha 60 mingga yaqin kishining mehnat qilgani aytiladi. Ularning ko‘pchiligi turli kasalliklar oqibatida halok bo‘ldi. Kanal rasman 1869 yilning 17 noyabr kuni ochildi. Tadbirda Fransiya imperatori Napoleon Uchinchining rafiqasi Yevgeniya, Avstriya-Vengriya imperatori Frans Iosif I, Gollandiya va Prussiya shahzodalari ishtirok etdi. Misr tarixida bu kabi tantanalar qayd qilinmagani aytiladi. Bayram tadbirlari yetti kecha-kunduz davom etdi. Biroq italiyalik kompozitor Juzeppe Verdi berilgan buyurtmani o‘z vaqtida bajara olmadi. U mazkur voqeaga bag‘ishlab “Aida” operasini yozishi kerak va bu asar kanal ochilishida ijro etilishi lozim edi. Ammo opera o‘rniga katta bayram konserti bo‘lib o‘tdi.

Kanal jahon siyosati va savdosiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. Kanal Afrika qit’asini bosib olish jarayonlarini tezlashtirdi. 1875 yilda kanal Buyuk Britaniyaga sotildi. Misr kanal boshqaruvi va daromadlaridan chetlatilgani bois kanal Angliya-Fransiya korxonasiga aylandi. Amalda kanal xo‘jayini Buyuk Britaniya edi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davrida Buyuk Britaniya kanaldan kemalarning suzishini o‘z nazoratiga oldi.

photo5411552432846121693.jpg

1956 yilning 26 iyulida Misr Prezidenti Jamol Abdulnosir kanalni davlat ixtiyoriga olishga qaror qildi. Bu Buyuk Britaniya, Fransiya va Isroil harbiylarining Misrga hujum qilishiga olib keldi. Bir haftalik urush mobaynida kanal qisman vayron bo‘ldi, kemalar esa cho‘ktirildi. Natijada kanal BMT yordami bilan tozalanmagunga qadar, ya’ni 1957 yilning 24 apreliga qadar faoliyatini to‘xtatdi. 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin kanal yana berkitildi.

1981 yilda kanalni rekonstruksiya qilish loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi. 2005 yilda yana Suvaysh kanalini ta’mirlash jarayoni boshlandi.

Shuni ta’kidlash kerakki, AQSh ramzlaridan biri bo‘lmish Nyu Yorkdagi “Ozodlik” haykali avvaliga Port-Saidda “Osiyo mayog‘i” nomi ostida o‘rnatilishi kerak edi. Ammo Misrning o‘sha vaqtdagi rahbarlari Fransiyadan olib kelinadigan haykal konstruksiyalari qimmatga tushishini aytib, undan voz kechdi.

Ayni damda dengiz yuklarining 10 foizga yaqini Suvaysh kanalidan olib o‘tiladi. Qoidaga ko‘ra, kanaldan Misr bilan urush holatida bo‘lmagan barcha mamlakatlarning kemalari o‘tishi mumkin. Atom qurollari bo‘lgan kemalarning kanaldan o‘tishi taqiqlangan.

12 003
Sh.TO‘LAGANOV, O‘zA