Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 16:14 Chop etish versiyasi

Suv ta’minoti yaxshilanmoqda

Mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalar hayotga izchil tatbiq etilishi shahar va tumanlar, jumladan, qishloq joylarda markazlashtirilgan suv ta’minoti holatini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq hal etilmagan qator muammolar ham mavjud.

Janubiy mintaqalarda, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida toza ichimlik suvi ta’minoti yetarli darajada emas. Ba’zi chekka qishloqlarimizdagi markazlashtirilgan suv ta’minotining holatini qoniqarli, deb bo‘lmaydi.

Prezidentimizning joriy yil 18-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni hamda 20-apreldagi “2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarorida mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashning samarali mexanizmini yaratish borasida aniq vazifalar belgilangan.

Aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olishni mamlakat miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufidagi “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi” davlat korxonasi tomonidan yer osti ichimlik suvlari, mineral va sanoat suvlarini qidirish, baholash, razvedka qilish, ulardan oqilona foydalanish ishlari zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or usullar asosida olib borilmoqda.

– Hozirgi kunda mamlakatimizdagi tasdiqlangan suv zaxiralaridan umumiy olinayotgan suvlar 5,5 million kub metrni tashkil etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aslon Mavlonov. – Shu bilan birga, yer osti suv resurslari respublikamiz hududi bo‘yicha bir tekisda tarqalmagan. Ya’ni, 30 foizdan ortiq aholi sifatli ichimlik suvi bilan kam ta’minlangan hisoblanadi. 69 shahar, 335 shahar turidagi posyolka va 2 ming 902 qishloq aholi yashash punktlari yer osti suv zaxiralaridan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan aholi yashash punktlari esa tasdiqlanmagan suv zaxiralari, yer usti suvlari hamda quduqlar va boshqa suv tashuvchi manbaalardan foydalanmoqda. Joriy yilning boshidan gidrogeologik korxonalar tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar natijasida yer osti suvlarini tortib olish uchun qazilgan burg‘i quduqlarining 60 foizi hech qanday ruxsatsiz ishlatilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Sharqiy va Janubiy O‘zbekiston yer osti suv konlari miqyosida 18 dan ortiq istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yer osti suvlarining tog‘ va tog‘ oldi hududida 80 dan ortiq mahalliy to‘planish maydonlari, shuningdek, galereya turidagi suv olish inshootini joylashtirish rejalashtirilmoqda. Misol uchun, Zarafshon yer osti suvlari konida galereya turidagi suv olish inshootlarini joylashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Hozirgi paytda foydalanish zaxirasi mavjud bo‘lgan 87 kon aniqlangan. Barcha aniqlangan va foydalanilayotgan konlar, uchastkalar hamda yakka tartibdagi quduqlar ro‘yxatga olingan. Ayni vaqtda 49 kon va 30-maydonda 87 burg‘i qudug‘idan suv olinmoqda. Mineral suvlarga ta’sir qiluvchi quduqlar soni 95 tani tashkil qilib, ular asosida yuzdan ortiq sog‘lomlashtirish maskanlari va 30 ga yaqin suv qadoqlash korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Joylarda olib borilgan qidiruv-razvedka ishlari hamda «Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti» davlat korxonasi tomonidan bajarilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida ma’danli suvlardan turli tarmoqlarda keng foydalanishning imkoniyatlari aniqlandi.

O‘zbekiston mineral xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida sanoat, termal va mineral suvlar turlarining vujudga kelishi, tarqalish qonunlari va kelajakda ulardan foydalanishni o‘rganishga qaratilgan ilmiy-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqarilmoqda. Hozirgi kunda qidiruv-razvedka ishlarining yanada kengayganligi sababli temir, kremniy, brom va oltingugurt mineral suvlaridan keng foydalanish imkoniyatlari ortib bormoqda.

Har qanday fanning samarali rivojlanishini zamonaviy ilmiy texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu sababli, turli maxsus gidrogeologik kartografik materiallarni tuzish hamda gidrogeologik tadqiqotlar o‘tkazishda zamonaviy texnologiyalarni samarali qo‘llash, avtomatik ravishda dastlabki gidrogeologik axborotlarni olish va jarayonlarni modellashtirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Ushbu muhim vazifalarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, shahar va qishloqlarimizning yanada obod bo‘lishi, xalqimizning hayot darajasi va sifati yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 677






Все о погоде - Pogoda.uz