O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Suv taʼminoti va sanitariya xizmatlari boʻyicha xalqaro anjuman

Suv taʼminoti va sanitariya xizmatlari boʻyicha xalqaro anjuman

Toshkentda “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga barqaror suv taʼminoti va sanitariya xizmatlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman Markaziy Osiyo uchun suv va energetika sohasidagi dastur (CAWEP) hamda Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va tiklanish boʻyicha global jamgʻarma (GFDRR) moliyaviy koʻmagida tashkil etildi.

Mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari, dunyoning turli davlatlaridan kelgan 100 dan ziyod ishtirokchi – kommunal korxonalar rahbarlari, ilmiy ekspertlar va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan xususiy sektor vakillari ishtirokidagi tadbir iqlim oʻzgarishiga chidamli barqaror suv taʼminoti va sanitariya tizimlarini barpo etish masalalari muhokamasiga bagʻishlandi.

Dunyoda iqlim oʻzgarishi oqibatlarining suv taʼminoti va sanitariya xizmatlariga taʼsiri tobora ortib bormoqda. Bu, ayniqsa, favqulodda hodisalar, jumladan, suv toshqinlari, qurgʻoqchilik, yogʻingarchilikning nomutanosibligi, iqlim oʻzgarishi, mavsumlar siljishi koʻrinishlarida namoyon boʻladi.

Shu maʼnoda, barqaror, xavfsiz ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va sanitariya xizmatlaridan unumli foydalanish imkoniyatlarini yaratish Markaziy Osiyoda dolzarb ahamiyatga ega.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ushbu xizmatlar sifatini yuksaltirish, shu orqali insonlar, xususan, qishloqlar aholisi turmush darajasini yanada yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Mintaqada suv taʼminoti va sanitariya tizimlarini yaxshilash aholi salomatligini mustahkamlab, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qiladi, – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk. – Suv taʼminoti va sanitariya bilan bogʻliq muammolarni hamjihatlikda yechish mintaqa uchun ustuvor maqsadlardan biriga aylanishi lozim. Toshkentda tashkil etilgan mazkur anjuman mutaxassislarning ayni yoʻnalishdagi hamkorligini mustahkamlash, birgalikdagi harakatlar koʻlamini kengaytirish imkonini beradigan qulay maydondir.

Iqlim oʻzgarishining Markaziy Osiyo suv taʼminoti, xavfsizligi va sanitariya xizmatlariga taʼsiri tahlil qilindi. Iqlim oʻzgarishiga chidamli suv taʼminoti va sanitariya xizmatlarini baholash, rejalashtirish va yaratish imkoniyatlari oʻrganildi, shuningdek, suv resurslarini boshqarish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Tadbirda Bolgariya, Portugaliya, Janubiy Afrika va Isroil kabi davlatlar, shuningdek, Jahon banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Suv resurslari boʻyicha xalqaro kotibiyat kabi tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyo sharoitida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ilgʻor xalqaro tajriba bilan oʻrtoqlashdi. Sohada amalga oshirilayotgan milliy amaliyot, xususiy sektor ishtiroki boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi. Islohotlar samaradorligini oshirish, milliy salohiyatni oshirish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida Markaziy Osiyoda suv taʼminoti va sanitariya xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi hukumat tashkilotlari va kommunal korxonalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, mintaqada mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

595
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA