O‘zA O`zbek

04.09.2018 14:21 Chop etish versiyasi

Suv keltirgan – elda aziz

Suv keltirgan – elda aziz

Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami keng tantana qilinayotgan shu kunlarda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani “Qirqquloch” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi yana bir qulaylikka ega boʻldi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Namuna, Boʻston, Yangiobod va Gulobod qishloqlarini suv bilan taʼminlash imkonini beradigan “Qirqquloch” suv toʻplash va tarqatish inshooti qurib, foydalanishga topishirildi. Mahalladagi 615 xonadonda 750 dan ziyod oila istiqomat qiladi.

Xalqimizda “Suv keltirgan – elda aziz”, degan naql bejiz aytilmagan. Hozirga qadar mazkur hudud aholisi ichimlik suvi muammosidan aziyat chekib kelar edi. 300 million soʻm mablagʻ evaziga mahalla fuqarolar yigʻini idorasi oldida suv toʻplash va tarqatish inshooti qurilishi bu muammoga barham berdi. Inshootning ishga tushishi natijasida 3 ta yangi ish oʻrni ham yaratildi.

– Bu inshootning barpo etilishi qishlogʻimiz ahli uchun ajoyib bayram sovgʻasi boʻldi, – deydi mahalla faollaridan Tufli Egamberdiyev. – Ilgari ichimlik suvini 150-200 ming soʻmga uzoq masofadan tashib keltirar edik. Bu ancha qiyinchilik tugʻdirardi. Endi esa ichimlik suvidan qiynalmaymiz. Bundan odamlar juda xursand.

Oʻ.Barotov, OʻzA
2 715