Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 16:09 Chop etish versiyasi

Suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilishga oid ishlar samara beryaptimi?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi, O‘zbekiston Ekologik harakati, O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati hamkorligida suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya talablarining bajarilishi holatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

1971-yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida xalqaro hamjamiyat tomonidan suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilish maqsadida xalqaro ahamiyatga ega hududlar to‘g‘risida xalqaro konvensiya qabul qilingan. Mazkur konvensiyaga bir yuz yetmishdan ko‘proq davlat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo bo‘lgan.

Seminarda yurtimizda ushbu konvensiyada belgilangan talablarning amalga oshirilish holati tahlil etildi. Suvli-botqoqli hududlar tabiatning ajralmas qismi, sayyoramizning ekologik muvozanatini saqlash, biologik xilma-xillikni ta’minlash, jamiyatni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Ayni vaqtda Ramsar ro‘yxatiga 2 ming 260 ta suvli-botqoqli hudud kiritilgan.

Mamlakatimizda xalqaro konvensiyada belgilangan talablarni bajarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qariyb bir million gektarni tashkil etadigan besh yuzdan ortiq ko‘l mavjud. Ko‘chib yuruvchi qushlarning ko‘plab turlari uchun suv-botqoq hududlari qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ularda yashash muhitining barqarorligini saqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘dako‘l ko‘lini va Quyimozor suv omborini Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha vazirlik va idoralarning tegishli xulosalari olingan edi. Ayni paytda mutaxassislar, jamoat tashkilotlari vakillari hamkorligida ushbu tabiiy hududlarda muntazam ravishda monitoring va kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Bu ekologik barqarorlikni saqlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishda tavsiyalar ishlab chiqishda qo‘l keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Sudoche, Qashqadaryo viloyatidagi Achchiqko‘l va shu kabi boshqa qator ko‘llarni ham Ramsar ro‘yxatiga kiritish yuzasidan samarali ishlar amalga oshirildi.

Suv-botqoq hududlarida olib borilayotgan tadqiqotlar, jumladan, suvda suzuvchi qushlarni xalqaro hisobga olish muhim ekologik aksiya bo‘lib, u qushlar soni va ular yashaydigan joydagi ekologik holat bo‘yicha ma’lumot yig‘ishga yo‘naltirilgan. Har yili O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashabbusi bilan mamlakatimizdagi suv havzalarida, shaharlar, ular atrofidagi ko‘llar va kanallarda qushlarni kuzatish hamda hisobga olish ishlari olib boriladi. Ushbu aksiyada beshta ornitologik klublarning a’zolari, talabalar va o‘qituvchilar, ornitologlar, “Qushlarni himoya qilish” jamiyati a’zolari va ko‘ngillilar ishtirok etadi. Olib borilgan ishlar natijalari tahlil etiladi.

Ekoharakat deputatlar guruhi tomonidan atrof-muhitni asrashga aloqador bo‘lgan qator qonunlarni takomillashtirish, ularning joylardagi ijrosini nazorat qilish va boshqa masalalar yuzasidan fikr bildirildi.

Barno Meliqulova, O‘zA
3 355