O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan

Sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboeva boshqargan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tuzilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

– Respublikamizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoyalash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularga turli yordamlar ko‘rsatish hamda majburiy mehnatning oldini olish, mehnat qonunchiligini ta’minlash, bu borada milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha samarali ish olib borilmoqda. Ammo Milliy komissiya hamda uning tarkibidagi kichik komissiyalarning qisqa muddatli faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, hali bu boradagi ishlarni to‘g‘ri tashkil qildik deya olmaymiz, – dedi Senat Raisi.

Tashkiliy jihatdan kichik komissiyalar ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdagi ishlar hali talabga javob bermaydi. Ayniqsa, Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya faoliyati qoniqarsiz ahvolda, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga e’tiborsizlik bilan qaralmoqda.

Masalan, joriy yilning 3 avgustida o‘tkazilgan Milliy komissiyaning yig‘ilishi bayonida 20 avgustga qadar kichik komissiyalarning nizomini hamda 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” loyihasini belgilangan tartibda kiritish topshirilgan edi. Ammo Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya tomonidan ushbu vazifalar o‘z vaqtida bajarilmagan.

Shuningdek, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi mavjud qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Masalan, Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmonida Ichki ishlar vazirligiga ikki oy muddatda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini belgilaydigan “Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini kiritish topshirilgan.

Ammo belgilangan muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan hali qonun loyihalarini tegishli vazirlik, idoralar bilan kelishish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishida respublika bo‘yicha samarali natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xo‘jaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirishda kattalarning majburiy mehnatidan tizimli foydalanishga chek qo‘yildi.

Ammo hali ham bu borada joylarda muammolar uchrab turibdi. Ayniqsa, bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalarning, budjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilinayotganligini ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarda ko‘rish mumkin.

Prezident Administratsiyasining 2019 yil 24 avgustdagi topshirig‘iga asosan bir oyda Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda, odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilmagan. 

“Yo‘l xaritasi”ning loyihasi muddati o‘tib bo‘lgandan keyin Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan hech bir tashkilot bilan kelishilmagan holda Milliy komissiyaga nomigagina kiritib yuborilgan. 

Yig‘ilishda xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham talab darajasida emasligi ta’kidlandi.

Fuqarolarimiz o‘zi tashrif buyurgan davlatdagi diplomatik vakolatxonalarda ro‘yxatdan ham o‘tmaydi. Qachonki, ushbu davlatda ma’lum bir muammoga duch kelgandan keyingina murojaat qiladi. Ammo vakolatxonalarning murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy imkoniyati yetarli emas.

Shuningdek, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi.

3 095
Nurillo NASRIEV, Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA