Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2018 20:04 Chop etish versiyasi

Sustkashlik yillik mehnat samarasini yo‘qqa chiqarishi mumkin

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar e’lon qilingan “Hosilga – hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi”ning yarmi o‘tdi. G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil qilish orqali yuqori hosildorlikka erishish yo‘lidagi bu safarbarlikdan kutilgan natija katta va harakat ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida dolzarb ikki oylik bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga tanqidiy baho berildi, bu borada loqaydlik, sustkashlik qilgan mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Jumladan, Namangan viloyatining Uychi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul to‘rtta sektor rahbarini lavozimidan ozod etish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Uychi viloyatning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha eng namunali, peshqadam tumanlaridan biri hisoblanadi. Tuman ko‘p yillar mobaynida paxtachilik agrotexnikasi, yuqori hosildorlik omili bilan bog‘liq amaliy ishlar bo‘yicha viloyat miqyosidagi seminarlarga mezbonlik qilgan, bu boradagi tajribasi ommalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda ham tumanda 6345 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, gektaridan 58 sentnerdan hosil olish va davlatga don sotish shartnoma rejasini 119,1 foizga bajarishga erishildi. Pillachilikda shartnomadagi 135 tonna o‘rniga 135,1 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosi yetishtirildi. Ikkinchi hosildan 5 ming 920 kilogramm pilla olindi. Shuningdek, tuman bog‘dorchilik, sabzavot va boshqa ziroatchilik mahsulotlari yetishtirishda ham boy tajribaga ega. Tumanda 1 ming 300 gektar maydonga sabzavot, 3 ming 340 gektarga dukkakli, 2 ming 800 gektardan ziyod maydonga kartoshka, poliz, sholi, kungaboqar va boshqa ozuqa ekinlari takroriy ekin sifatida ekilgan.

Bu kabi yutuqlarga qaramay, tumanda “Hosilga – hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi”da g‘o‘za parvarishiga e’tibor susaytirib yuborilgani, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilganini inkor etib bo‘lmaydi. Joriy yilda tumanda 251 fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 6 ming 269 gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda. Ayni g‘o‘za rivojini jadallashtirish maqsadida tuzilgan 14 otryad ishtirokida kuniga 620 gektar maydonda kultivatsiya, 426 gektar maydonda sug‘orish, 129 gektar yerda o‘toq-chopiq ishlari hamda yuzlab gektar maydonda zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik vositalar yordamida kurash, oziqlantirish, chekanka qilish kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramay yuqori hosildorlikka erishishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kamchiliklar ham borki, ular keltirajak muqarrar zararning oldini olish shu kunning dolzarb vazifasidir. Mutaxassislar guruhi tomonidan o‘rganishlar natijasida 1-sektor hududidagi “Porloq kelajak osmoni”, “Orif Olim Yahyo Sherzod”, “Xizirobod”, “Xizirobod fayz-baraka" fermer xo‘jaliklari dalasida har 10 tup g‘o‘zadan 2-3 ko‘sak qurti bilan zararlanganlik holati aniqlangan. “Oxunboboyev omad”, “Gulnoza Shahnoza Dilshoda” fermer xo‘jaliklarida chekanka yakunlanmagan.

2-sektor hududidagi “Sohibjon” fermer xo‘jaligining 6 gektar paxtazorida o‘rgimchakkana tushgan joylar bor – unga qarshi tezkor chora ko‘rilmasa, butun maydonni egallab olishi mumkin. “Ovchibuloq zar chashmasi” fermer xo‘jaligida esa 5 gektar maydon chanqatib qo‘yilgan, mahalliy o‘g‘it jamg‘arilmagan, feromon tutqichlar o‘rnatilmagan. “Kamola Mirzohid”, “Abdurahmon ota Umrzoqov”, “Ilhomjon Ikromjon” fermer xo‘jaliklarida g‘o‘zalar mahalliy o‘g‘itdan foydalanmasdan sug‘orilmoqda.

3-sektor hududidagi “Shaftoli durdonasi” fermer xo‘jaligining 4,5 gektar maydonida g‘o‘zalar siyrak o‘sgani erta bahordan fermer yoki sektor rahbarlarini tashvishga solmagani ajablanarli. Bundan tashqari, mazkur xo‘jalikda g‘o‘zarivojlanishdan orqada qolgani ular o‘z vaqtida sug‘orilmagani va sug‘orish sharbatsiz amalga oshirilganidan dalolat beradi. Shu hududdagi “Yuksalish nurli zamin”, “Jahon” fermer xo‘jaliklarida dala chetlari qarovsizligi, g‘o‘zaning chanqab-qaqrab yotgani, “Egamberdi polvon Nurmatov” xo‘jaligining 17 gektar yerida o‘rgimchakkana bilan zararlanish, “Guliston Fayz” xo‘jaligida kultivatsiya qilinmagani, “Orol ziyo nur” xo‘jaligida 7 gektarga yaqin paxtazorni begona o‘t bosib yotgani, “Inomiddin Rivojiddin” xo‘jaligida9 gektar g‘o‘zani ko‘llatib sug‘orish kabi holatlar uchraydi.

4-sektor rahbari mas’ul hududdagi “Sohil bo‘yi fayz” fermer xo‘jaligining 23 gektari chekanka qilinmagan. “Keskanyor oq oltini” xo‘jaligining 20 gektar maydoni sharbatsiz sug‘orilgan bo‘lsa, 18 gektardagi hosilga ko‘sak qurti xavfi tahdid solmoqda. Ko‘sak qurti va o‘rgimchakkana bilan zararlangan maydonlar “Boyag‘on bog‘i eram” fermer xo‘jaligida ham bor. “Yassitepa anorzori” xo‘jaligida esa 8 gektar g‘o‘za suvdan keyin kultivatsiya qilinmagani bois rivojlanishdan ortda qolmoqda.

Uychi tumanining qishloq xo‘jaligi borasidagi obro‘-e’tiboriga dehqonchilikda o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga sabab bo‘ladigan yuqoridagi holatlar soya solishi hech gap emas.

Akromjon Sattorov, O‘zA
3 069