Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2018 09:35 Chop etish versiyasi

Surxondaryoliklar O‘lja Olg‘irovning o‘ljasiga aylangandi

Surxondaryoliklar O‘lja Olg‘irovning o‘ljasiga aylangandi
Termiz tumanidagi "Pattakesar" mahallasida yashovchi O‘lja Olg‘irov (ism-shariflar o‘zgartirildi) firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgandi.

O‘lja Olg‘irov Termiz shahridagi harbiy qismlardan birida joylashgan omboridan arzon garovga shakar va un mahsulotlarini olib berishni va’da qilib, soddadil odamlarni chuv tushirishni “kasb” qilib olgan ekan. Uning bu “hunari” Qumqo‘rg‘on tumanidagi "To‘g‘on" mahallasida yashovchi Murodullo Toshmatovning ichki ishlar bo‘limiga murojaati asosida fosh bo‘lib qoldi.

O‘ttiz yoshni qoralagan O‘lja Olg‘irov shu yil may oyida Murodullo Toshmatovga yuz dollar evaziga harbiy qismda joylashgan ombordan shakar olib berishni quyuq va’da qilib, aldab ketadi. Iyun oyida denovlik yakka tartibdagi tadbirkor Zilolboy Qo‘chqorovning ishonchiga kirib, unga mazkur ombordan Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan un mahsulotini yuk mashinasida olib chiqib berish sharti bilan naqd 24 million so‘m pulini olib, g‘oyib bo‘ladi. Shuningdek, Sho‘rchi tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi 28 yoshdagi Asilbek Soriyev ham O‘lja Olg‘irovning yolg‘on va’dalariga ishonib, chuv tushib qoladi. Iyun oyida O‘ljaboy omborxonadan 400 kilogramm shakar olib berish sharti bilan Asilbekni 8 million so‘m pulga “tushiradi”.

Angor tumanidagi "Dehqonbirlashuv" mahallasida yashovchi 66 yoshdagi nafaqaxo‘r Tolib Solayev 2014-yil "Talloshqon" mahallasida yashovchi Nizom Choriyevga 18 kvadrat-metr yer olib berishni va’da qiladi. Buning evaziga undan 20 million so‘m pulni qurtdek sanab oladi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Nizom aldanganini sezib, ichki ishlar idorasiga murojaat etadi. Qarang, qarib quyilmagan bu kimsaning yana bir jinoyati ochilib qoldi. O‘sha yili tumandagi "Qo‘shtegirmon" mahallasida yashovchi Feruz Nodirov ishonchiga kirib, unga 12 kvadrat-metr yer olib berish sharti bilan 4 million 200 ming so‘m puli va 500 dollarini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirib ketgan ekan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 398