Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2017 16:34 Chop etish versiyasi

Surxondaryodagi 112 mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 9 oyida sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 514 taga kamaydi. 112 mahallada umuman jinoyat yuz bermadi.

– Xalqimizda bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi, degan maqol bor, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish guruhi inspektori, kapitan F.Toshboyev. – O‘tkazilayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni ana shu hikmat mazmun-mohiyatini teran anglab olishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu kuni tashkil etilayotgan ochiq muloqot, profilaktik suhbat va boshqa targ‘ibot tadbirlari fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, o‘zaro tinch-totuv va hamjihat hayotni ulug‘lashiga xizmat qilmoqda. Yilning o‘tgan davrida jinoyat sodir etish holatlari sezilarli darajada kamayib, ko‘plab mahallalarda umuman jinoyat yuz bermagani ham bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.

Tinch-osuda hayot, xotirjam-farovon turmush, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat-izzat jinoyat sodir etilmayotgan fayzli go‘shalarga qut-baraka olib kelmoqda. Mahallalar chiroy ochib, turmushi obod bo‘lmoqda. Qiziriq tumanidagi Qorasuv mahallasi bunga yaqqol misoldir.

Hududning profilaktika inspektori, leytenant E.Yodgorovning ichki ishlar organida xizmat qilayotganiga atigi 2 yil bo‘ldi. Yosh profilaktika inspektori faoliyat boshlagan dastlabki kunlardan xonadonlarda bo‘lib, odamlarning hayot tarzi bilan tanishdi. Notinch oilalardagi ahvol, spirtli ichimlikka ruju qo‘yishning sabab va omillari, bandlik masalasini o‘rgandi. Muammolarni chuqur tahlil qilib, mahalla osoyishtaligini ta’minlash choralarini belgilab oldi.

– Jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishning asosiy omillaridan biri bu – spirtli ichimlik iste’mol qilish, oilada moddiy yetishmovchilik mavjudligi ekan, – deydi leytenant E.Yodgorov. – Hududda bunday holatlarga barham berish uchun faollar, oqsoqollar, tibbiyot xodimlari va pedagoglarni jalb etishga to‘g‘ri keldi. Spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlarni aniqlab, tibbiyot xodimlari bilan birga ish olib bordik. Notinch oilalarga mahalla faollari, o‘qituvchi ayollar va ularning qavm-qarindoshlari bilan birga borib, masalani puxta o‘rgandik. Keng jamoatchilikni jalb etib, moddiy yordam berish choralari ko‘rildi. Ichkilikka ruju qo‘yganlarni shifokorlar ko‘magida sog‘lom hayotga qaytarishga erishildi. Tomorqadan unumli foydalanib, turli ziroat yetishtirishni tavsiya etdik. Yoshlar va xorijdan qaytib kelayotgan fuqarolar bandligini ta’minlashga e’tiborni kuchaytirdik. Hamjihatlikdagi bu ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida umuman jinoyat yuz bermagan mahalladagi 684 xo‘jalikda uch ming 545 kishi ahil, hayotdan rozi bo‘lib yashamoqda. Hududda 20 dan ortiq fermer xo‘jaligi paxta va g‘alladan mo‘l hosil olmoqda, chorvachilik bilan shug‘ullanayotir. O‘nga yaqin tadbirkorlik sub’ekti savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar ko‘rsatmoqda. 20 dan ortiq xonadonda issiqxona barpo etilib, ertachi mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bitta maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta umummta’lim maktabi, qishloq-vrachlik punkti, bolalar sporti inshooti yosh avlodni har tomonlama sog‘lom kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda.

– Profilaktika inspektorining yoshu-keksa bilan tez til topishib, xonadonlar bilan yaqindan ishlayotgani ko‘p yutuqlarimizga omil bo‘lmoqda, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T.Yaxshiyev. – Kam ta’minlangan oilalarni tomorqadan unumli foydalanishga undagani ko‘plab xonadonlarning ro‘zg‘orini butlab olishida muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada notinch oilalar o‘z-o‘zidan barham topayotir. Ayrim fuqarolar tomorqasida faqat chorva ozuqasi yetishtirishga ko‘nikib qolgan edi. Endi ular ham ertachi kartoshka, piyoz parvarishlamoqda. Hosilni yig‘ib olgach, takroriy ekinga yeryong‘oq, mosh ekib, mo‘may daromad olayotir. Turli ko‘katlar yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqda. Issiqxonalar tashkil etib, qishin-yozin mahsulot parvarishlashga qiziqish ortmoqda. Shu kunlarda mahallamizda bironta ishsiz kishini uchratmaysiz.

– Profilaktika inspektori hududda osoyishtalikni ta’minlash va aholining yaqin himoyachisi, maslakdoshiga aylanayotganida soha xodimlariga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi E.Yodgorov. – Yaqinda boshqa hamkasblarim qatori men ham xizmat uyi va yengil avtomashina bilan ta’minlandim. Yangi uyda oila a’zolarim bilan baxtiyor yashash uchun barcha qulaylik mavjud. Eng muhimi, hududning o‘zida. Avtomashina esa xizmat vazifamni tez va sifatli bajarishda qulay dastyor. Qo‘shni Gulobod mahallasiga ham men xizmat ko‘rsataman. U yerda uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning o‘tgan davrida bu hududda ham bironta jinoyat sodir etilmadi. Keng jamoatchilik bilan olib borayotgan profilaktik ishlarimiz natijasida atigi bitta notinch oila qoldi. Hozir shu xonadonda osoyishta turmushni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 391






Все о погоде - Pogoda.uz