O‘zA O`zbek

15.08.2018 15:51 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda yana bir tibbiy markaz

Surxondaryoda yana bir tibbiy markaz Termizda respublika ixtisoslashtirilgan urologiyailmiy-amaliy tibbiyot markazining filiali ish boshladi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tibbiyot xodimlari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida hududda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, mavjud tibbiyot muassasalarini jahon andozalariga mos jihozlash, rekonstruksiya qilish va Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi, ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot hamda perinatal markazlarining Termiz filiallarini tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar bergan edi.

Shunga muvofiq, buyrak xastaliklari bilan kasallanish yuqori bo‘lgan viloyatda Respublika urologiya markazi filialini tashkil etish bo‘yicha tegishli tadbirlar belgilandi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining uch qavatli binosi tubdan rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

– Yangi markaz ishga tushirilishi buyrak kasalliklariga chalingan bemorlarning davolanish uchun uzoq yo‘l bosib poytaxtga borishiga chek qo‘yadi, – deydi filial urologiya bo‘limi boshlig‘i K.Saidolimov. –Bu yerda 40 o‘rinli urologiya va 10 bemorga mo‘ljallangan gemodializ bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bo‘limda buyrak xastaliklarini samarali davolash va jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratilib, zamonaviy tarzda jihozlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 20 o‘rinli urologiya bo‘limida 320 dan ortiq bemor davolandi. Ularning 140 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Markaz filialining foydalanishga topshirilgani buyrak kasalliklariga chalingan bemorlarni erta aniqlash va uning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan yangi shifo maskaniga 10 ta gemodializ, TUR, litotripter, rentgen, UZI apparatlari o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Yaratilayotgan bunday qulayliklardan viloyat aholisi mamnun.

– Peshob tosh kasalligidan aziyat chekayotganimga ko‘p yillar bo‘ldi, – deydi Qiziriq tumani Takiya mahallasida yashovchi Z.Shukurova. – Toshkentga borib davolanib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Bugun barcha sharoitga ega yangi shifo maskanida tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni taklif qilishdi. Hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz, deb ko‘nglimni ko‘tarishdi. Shifokorlarning shirin so‘zi, keng va ozoda xonalar, zamonaviy sharoitlarni ko‘rib, o‘zimni ancha tetik his etib qoldim. Biz, bemorlarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklardan behad minnatdormiz.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
1 565