O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda tosh asrida ishlangan rasmlar bor

Surxondaryoda tosh asrida ishlangan rasmlar bor

Yodgorliklarni muhofaza qilish “qizil kitobi”ga kiritilgan bu rasmlar ibtidoiy sanʼatning noyob durdonasi sifatida dunyo olimlari, arxeologlar va rassomlarda katta qiziqish uygʻotib keladi. Oʻtmishdagi qoya sanʼatining nafis namunalariga Markaziy Osiyoning eng qadimgi rang tasvir rasmlaridan biri sifatida qaraladi.

6.jpg

Sherobod tumani Koʻhitang togʻlari bagʻrida joylashgan Zarautsoy darasidagi ungir va kamar toshlarida 200 dan ortiq ana shunday rang tasvir sanʼati namunalari saqlanib qolgan. Sokin darada toshlarga qizil oxra bilan oʻyib, chizib ishlangan rasmlar kontur va soya uslubiga xosligidan beixtiyor hayratlanib, qadimgi sehrli ov marosimlariga, odamlarning didi va tasavvuriga qoyil qolasiz. Ularning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasidan hayratlanasiz. Yovvoyi buqa, tulki, burama shoxli echki, jayron, togʻ echkisi kabi hayvonlar, nayza, ukey, oʻroqsimon va boshqa qurollar, niqoblangan odamlarning oʻziga xos hayotiy qilib tasvirlanganiga shohid boʻlasiz.

3.jpg

Goʻzal va betakror yurtimizdagi bunday noyob yodgorliklarning tarifu tavsifini juda koʻp eshitgandan koʻra, bir marta boʻlsa-da, koʻrish qiziq. Mabodo Surxondaryo taraflarga yoʻlingiz tushib qolsa, Termiz shahridan yuz chaqirimcha masofadagi togʻ qoʻynida joylashgan noyob sanʼat namunalarini tomosha qiling. Qadimdagi odamlarning aqlu zakovatidan zavq olib, yuksak rang-tasvir sanʼatiga oʻzingiz baho bering.

2 420
Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA