O‘zA O`zbek

06.12.2018 21:16 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni 25 kishiga berildi

Surxondaryoda “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni 25 kishiga berildi Termizda Asosiy qonunimiz qabul qilinganining 26 yilligi arafasida bir guruh faol va tashabbuskor fuqarolarga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2017-yil 13-iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mazkur nishon bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrni va rolini kuchaytirish, joylarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faollar taqdirlanadi. Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari sazovor boʻladi.

Surxondaryo viloyatida 717 mahalla fuqarolar yigʻini faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ilk marta topshirilgan “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoniga vohada mahalla instituti ishlariga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan 25 faol, tashabbuskor fuqaro va jamoatchilik tuzilmalari vakillari munosib topildi. Taqdirlanganlar safida Angor tumanidagi “Karvon” mahalla fuqarolar yigʻini posboni M.Abdurahmonov ham bor.

– Mamlakatimizda bunday koʻkrak nishoni taʼsis etilgani qadimdan milliy qadriyatlar, ahillik va xayr-saxovat maskani boʻlgan mahallaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor namunasidir, – deydi M.Abdurahmonov. – Mahallamizda 3 ming 800 dan ortiq aholi ahil-inoq yashaydi. Tashabbuskor, fidoyi faollarimiz, profilaktika inspektori bilan barcha ishlarni bamaslahat olib borayotganimiz, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga doimiy eʼtibor tufayli keyingi 5 yilda hududimizda birorta jinoyat qayd etilmadi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Poʻlatov ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, koʻkrak nishonlarni oʻz sohiblariga tantanali topshirdi. Vatan, tinchlik, doʻstlik va hamjihatlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

8.jpg


Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA
1 552