O‘zA O`zbek

13.06.2019 10:40 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda birinchi chorakda budjetga 479 milliard so‘m mablag‘ tushirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Biroq kamchiliklar ham bor!

Surxondaryoda birinchi chorakda budjetga 479 milliard so‘m mablag‘ tushirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Biroq kamchiliklar ham bor!

Joriy yil yakuniga qadar Surxondaryo viloyatida budjet parametrlarini 2 trillion 516 milliard so‘mga bajarish rejalashtirilgan.

Joriy yil 21 may – 4 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Surxondaryo viloyatida soliq islohotlarini amalga oshirish va budjetga qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ana shu masala atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga viloyatdan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Rustamov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari J.O‘runov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq siyosati yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan soliq siyosati konsepsiyasi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari, moliya va soliq idoralari rahbarlari, mutasaddi tashkilotlarning budjetga qo‘shimcha mablag‘larni safarbar qilishda shaxsiy mas’uliyat va javobgarligi oshirildi. Bu joylarda soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish, budjetga qo‘shimcha daromadlar zaxirasini aniqlashda muhim omil bo‘layotir.

Jumladan, joriy yil yakuniga qadar Surxondaryo viloyatida 500 milliard so‘m qo‘shimcha daromad jalb qilish belgilangan. Yoki budjet parametrlarini 2 trillion 516 milliard so‘mga bajarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir. Birinchi chorakda budjetga 479 milliard so‘m mablag‘ tushirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Biroq o‘rganish jarayonida ayrim soliq turlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmagani ham aniqlandi. Xususan, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i 28 foiz, jismoniy shaxslarning yer solig‘i 13, jarimalar 57, mahalliy yig‘imlar 21 foizga bajarilmagan.

Prezidentimizning 2018 yil 4 sentabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan xatlov natijasida viloyatda 2 ming 213 ta bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan ob’ekt va foydalanilmayotgan yer maydoni mavjudligi aniqlangan. Lekin belgilangan tarmoq jadvali asosida ulardan foydalanish ahvoli o‘rganilganda 160 ob’ekt belgilangan muddatda ishga tushirilmagani ma’lum bo‘ldi. Mavjud 1 ming 147 yuk tashuvchi transport vositasi egasini belgilangan tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish yilning ikkinchi yarmida budjetga 3 milliard 509 million so‘m soliq va boshqa tushumlarni undirish imkoniyatini yaratadi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan 171 holatda mol-mulki mavjud bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 2 milliard 223 million so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro hujjatlari asossiz ravishda ijrosiz qaytarilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish davrida viloyatda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadlari hisobidan amalga oshirilayotgan xarajatlar tahlil qilinganda ham bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Masalan, o‘tgan yili mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadlari hisobidan aholini ish bilan ta’minlash tadbirlariga kamida 132 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi lozim bo‘lsa-da, bu maqsad uchun atigi 2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Joriy yilning to‘rt oyida esa aholini ish bilan ta’minlash uchun zarur mablag‘ jalb etilmagan. Vaholanki, hukumat topshirig‘iga ko‘ra, qo‘shimcha manbalarning o‘rtacha 40 foizi ana shu maqsadga yo‘naltirilishi zarur edi. Shuningdek, qo‘shimcha manbalar hisobidan qariyb 21 milliard so‘mlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilgan. Misol uchun, viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan olti tumanda davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan uy-joylar doirasida 23 fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurgan inshootlari uchun 2,5 milliard so‘m kompensatsiya puli noto‘g‘ri to‘lab berilgan. 13 ta budjet tashkiloti tomonidan moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan tovarlar (ish, xizmat) bo‘yicha yetkazib beruvchilar bilan asossiz shartnoma tuzilib, ular g‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Sessiyada bu borada yo‘l qo‘yilgan ana shu va boshqa kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Mahalliy budjetga tushadigan yig‘imlarni o‘z vaqtida undirish, aniqlangan qo‘shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanish, faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik subektlarini tiklash bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA
384