O‘zA O`zbek

18.08.2018 10:41 Chop etish versiyasi

Surxondaryo viloyatida umumxalq xayriya hashari yuqori saviyada boshlandi

Surxondaryo viloyatida umumxalq xayriya hashari yuqori saviyada boshlandi

Mustaqilligimizning 27 yilligi va Qurboni hayiti bayrami arafasida tashkil etilgan hasharda yoshu-keksa faol ishtirok etib, joylarda yirik hajmdagi obodonlashtirish-tozalash ishlarini amalga oshiradi.

Mamlakatimizda boshlangan obodonlashtirish va tozalik oyligi doirasida o‘tkazilayotgan ikki kunlik umumxalq xayriya hasharida viloyatdagi 717 mahalla, 73 uy-joy shirkatlari uyushmasi, yettita oliy ta’lim muassasalarida yirik hajmdagi ishlar bajariladi. Mavjud umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, madaniyat va tibbiyot muassasalari, korxona va tashkilotlar jamoalari ham hasharda faol qatnashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, erta tongdan yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozayotgan tadbir doirasida hayit namozi o‘qiladigan masjidlar, 370 dan ortiq madaniy meros obyektlari, 650 dan ziyod qabristonni tozalab, tartibga keltirish, atrofini obodonlashtirish mo‘ljallanmoqda. Dam olish va istirohat bog‘lari, ko‘cha va xiyobonlar, kanallar, ariq-zovurlar tozalanadi. Bu yumushlarni ahillik bilan sifatli bajarish uchun maxsus texnikalar kuchidan unumli foydalanish ham rejalashtirib olingan.

– Ajdodlarimiz ming yillardan buyon e’zozlab kelayotgan milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi bo‘lgan hasharda mahallamiz ahli faol ishtirok etmoqda, – deydi Termiz shahridagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilfuza Toshboyeva.– Asosiy qismi ko‘p qavatli uylar bo‘lgan mahallamizda turli millatga mansub 4 ming 635 kishi ahil, inoq yashaydi. Ularning 1 ming 440 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlardir. Erta tongdan ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan hasharda yoshlarimiz faol ishtirok etib, ko‘p qavatli uy-joylar atrofi, ko‘cha va yo‘laklarni tozalamoqda. Sport inshootlari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari atrofi saranjom–sarishta etilib, obodonlashtirilayotir. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz va muqaddas Qurbon hayitini toza-ozoda hududda kutib olishga shodu-xurramlik bilan peshvoz chiqayotgan xalqimiz ikki kunlik hasharda faol qatnashish chora-tadbirlarini belgilab olgan.

Viloyatda umumxalq xayriya hashari qizg‘in davom etmoqda.

X.Mamatrayimov, J.Qo‘zimurodov (surat), O‘zA
2 178