O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Surxondaryo investitsion jihatdan jozibador hududga aylanmoqda

Surxondaryo investitsion jihatdan jozibador hududga aylanmoqda

Surxondaryo viloyatida “Open South International Business Forum II” xalqaro biznes forumi boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Kanada, Avstriya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Afgʻoniston,Tojikiston,Turkmaniston kabi 20 dan ortiq mamlakatdan salohiyatli yirik sarmoyadorlar, kompaniyalar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, chet el davlatlarining mamlakatimizdagi diplomatik korpus hamda savdo uylari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari F. Rahimovlar mamlakatimizda soʻnggi yillarda qulay investitsiya muhiti yaratilib, sohaga alohida etibor qaratilayotgani iqtisodiyot tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorij sarmoyasini jalb etishga keng imkoniyat yaratganini takidladi. Afgʻoniston Islom Respublikasi Balx viloyati voliysi Muhammad Isʼhoq Rahguzar, Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati hokimi oʻrinbosari Rajabali Rajabov xalqaro forum ishtirokchilarini nufuzli anjumanda ishtirok etayotgani bilan tabriklab, qoʻshni Surxondaryo vohasi va Afgʻonistonning Balx,Tojikistoning Xatlon viloyatlari oʻrtasida soʻnggi yillarda keng yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro doʻstlik, ishonchli hamkorlik aloqalari haqida fikr yuritdi.

Viloyatda oʻtgan yili oʻtkazilgan birinchi investitsiya forumida imzolangan memorandumlar asosida 2018-yil va joriy yilning oʻtgan davrida 100 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.Sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari ishlabchiqarish, turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, eksport qilish, zamonaviy noturar va turar-joylar qurish, xizmat koʻrsatish komplekslari barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz janubidagi voha xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish uchun boy resursga ega hudud. Toshkoʻmir, gaz, sement, neft, marmar, osh va kaliy tuzlari, ohak, uran, polimetall, granit tosh, oltingugurt, keramzit, gips, kvars, yod, karbid, brom, slanes kabi koʻplab noyob tabiiy boyliklar zaxirasi mavjud. Tabiiy iqlim sharoiti barcha turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun zarur imkoniyat yaratadi. Viloyatda turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish mumkin. Bunga budda va islom diniga oid koʻplab arxeologik yodgorliklar saqlanib qolgani, koʻp ming yillik tarixga ega madaniy meros obyektlari, maftunkor tabiat manzaralari, shifobaxsh zilol suvlari yaqqol dalildir.

Oʻtmishdan Buyuk ipak yoʻli chorrahasida dunyoning yirik savdo va madaniy markazi sifatida Gʻarbu Sharqni bir-biriga bogʻlab kelgan qadimiy va hamisha navqiron Surxondaryo keyingi yillarda har taraflama yuksalib, yangi bosqichda taraqqiy etmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishdagi yirik imkoniyatlari bilan jahonga yuz tutmoqda.

- Xorijlik sarmoyadorlarda nafaqat vohaning sanoat salohiyatini rivojlantirish balki, agrar tarmoq imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga qiziqish ortib borayotir, - deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi M.Mardayev. -Turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, dorivor giyohlar parvarishlash, intensiv yongʻoq va bodom bogʻlari barpo etish, qayta ishlash va eksport qilishga intilish kuchaymoqda. “Ochiq janub” birinchi xalqaro forumida boʻlgani singari ikkinchi tadbirda ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va saqlash boʻyicha istiqbolli kelishuvlarga erishilgani bunga yaqqol dalildir.

Surxondaryo qoʻshni Afgʻoniston,Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan chegaradosh viloyat. Temir yoʻl va xalqaro avtomagistral yoʻl infratuzilmasiga, Oʻzbekistonda yagona daryo portiga egaligi ham dunyoga chiqishda iqtisodiy jihatdan katta qulaylik yaratadi.

Forumning yalpi majlisida janubdagi viloyatning yirik salohiyat va investitsiya imkoniyatlari namoyish etildi. Viloyat hokimi oʻrinbosari A.Oripov lavhalar orqali ishtirokchilarni hududning iqtisodiy, ijtimoiy, jugʻrofiy imkoniyatlari hamda oʻziga xos investitsiyaviy xususiyatlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Viloyatda “Termiz” va “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda. Ulardaxorijiy va mahalliy tadbirkorlar uchun barcha qulayliklar barpo etilgan. Taqdimotda shuningdek, vohaning qazilma boyliklarini oʻzlashtirish borasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va kutilayotgan natijalar, qishloq xoʻjaligi sohasida keng joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar va dastlabki yutuqlar haqida malumot berildi.

Xalqaro forumda faqat janubdagi viloyatda emas, balki butun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti, qoʻshni va xorijiy davlatlar bilan yaqin birodarlik, doʻstlik siyosati olib borilayotganiga alohida etibor qaratildi. Xususan, chegaralarimiz ochilib, qator davlatlar bilan vizasiz rejim oʻrnatildi. Afgʻonistonlik qoʻshnilar uchun viza rasmiylashtirish soddalashtirildi. “Termiz kargo” eksport markazida qoʻshni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratilgan. Bojxona terminali, keng, shinam mehmonxona, restoran va boshqa shoxobchalar afgʻon ishbilarmonlari xizmatida. Hujjatlarning “Bir darcha” prinsipi asosida taqdim etilishi rasmiylashtirish jarayonlarini hech qanday toʻsiqlarsiz, tez va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda.

Bu yerdagi pavilyonlarda yon qoʻshni davlat uchun mamlakatimizdagi oziq-ovqat, yengil sanoat, charm-poyafzal, farmatsevtika, qurilish, avtomobilsozlik va boshqa sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi raisi A. Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari F. Rahimovlar shu haqda fikr yuritib, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati boʻyicha qonunchilik yangilangani, mulk daxlsizligini, mulkdorning huquqini himoya qiluvchi yangi qonunlar qabul qilingani xususida yetarli malumotlarni taqdim etdi. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investorlar uchun qulayliklar yaratish borasida yuz bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisida fikr almashdi.

Tahlilchilar Surxondaryoning yana bir investitsiyaviy jozibadorligini hududda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari kattaligi bilan ham izohlaydi. Jumladan,Turizm davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari U.Qosimxoʻjayev maruzasida bu jihatlar oʻz ifodasini topdi. va xorijlik mehmonlarda katta qiziqish oʻygʻotdi.

Forumda Turkiyaning “IdeaList” kompaniyasining “Boysun“kichik turizm zonasida zamonaviy sayyohlik turlarini yoʻlga qoʻyish masalasiga bagʻishlangan taqdimoti tadbir qatnashchilarining bu boradagi tasavvurlarini yanada boyitdi.

Forum doirasida Termiz shahridagi Sanat saroyi majmuasi maydonida viloyatda yetishtirilayotgan turfa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va milliy hunarmandchilik buyumlari, Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida viloyatda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Ikki kun davom etgan xalqaro forumda qator memorandumlar imzolandi. Taraflar uchun foydali kelishuvlarga erishildi.

-Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanamiz,-deydi izroillik Nevo Yeger.- Toshkentda ham filialimizni ochganmiz. Bizni vohaning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari parvarishlash boʻyicha keng imkoniyatlari juda qiziqtirib qoldi.Shu maqsadda Muzrabot tumani hokimi bilan shartnoma tuzib, oʻz biznesimizni yoʻlga qoʻyishni kelishib oldik.

Mehmonlar viloyatdagi qator zamonaviy korxonalarda boʻlib, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Tadbirkorlar va ishchilar bilan suhbatlashdi. Qadimiy arxeologik yodgorliklar bilan tanishib, tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

1.jpg

7.jpg

8.jpg

9.jpg

3 726
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA