Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 15:05 Chop etish versiyasi

Surxonda Navro‘z sayli boshlandi

Surxondaryoga bahor yurtimizning boshqa hududlariga qaraganda ertaroq keladi. Mart oyining dastlabki o‘n kunida vohaning qir-adirlari, dala-dashtlari yashillikka burkanib, turfa gul-chechaklar bo‘yi atrofni tutadi, bodom, o‘rik oppoq bo‘lib gullaydi. Tabiatdagi bu o‘zgarish odamlar hayotiga, kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi. Yana ko‘klamga yetkazgani shukronasiga shodu xurramlik bilan bayram qilishni boshlab yuboradi. Bu yil ham shunday bo‘ldi.

Viloyatda Navro‘z bayramini umumxalq sayli sifatida keng nishonlash boshlab yuborildi. Tadbirlarda xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik, bunyodkorlik va saxovatpeshalik fazilatlari keng namoyon bo‘layotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning ezgu va betakror qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘zi olamni har bir qishloq, tuman va shaharda umumxalq sayli sifatida yuqori saviyada nishonlashda asl milliy bayramimizga tarixiy mazmun, zamonaviy shukuh bag‘ishladi.

– Bayramga tayyorgarlik ko‘rishda har bir hudud, har bir qishloq va mahallaga xos urf-odat va an’analarga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari Firdavs Sharipov. – Sayl dasturlariga xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng noyob namunalari, keksa-yu yosh qalbidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ular tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlar, o‘lan, lapar va doston kabilar kiritilgani mahallalarda boshlangan shodiyonaning yanada jozibali o‘tishiga xizmat qilmoqda. Tadbirlarga taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, jamoat tashkilotlari faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari jalb etilgan.

Boysun tumanidagi To‘da mahallasi purviqor Ketmonchopti tog‘lari bag‘rida joylashgan. Osmono‘par cho‘qqilar hali oppoq qordan sarxush bo‘lsa-da, qishloq adirlarida maysa bo‘y ko‘rsatib, ko‘klam ifori esmoqda. Borliq uyg‘onishi bilan to‘daliklar ham ajdodlarimiz asrlar davomida bezavol asrab kelgan bayram – sharqona Yangi yil boshlanishini katta shodu xurramlik va totuvlikda nishonlaydi. Bu yil viloyatda tashkil etilgan targ‘ibot guruhining Navro‘zga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari ham To‘dada boshlangan xalq sayllariga ulanib ketdi.

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat va tuman bo‘limlari xodimlari, Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari, iste’dodli talaba-yoshlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari va taniqli san’atkorlar qishloq ahlini Navro‘zi olam bilan qutladi. Xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ ayyomning tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat va an’analarning mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida atroflicha ma’lumot berildi. Chanqovuz sadolari, el suygan san’atkorlarning konsert dasturi xalq sayliga o‘zgacha tarovat bag‘ishlab, barchaga bir olam zavq-shavq ulashdi.

– Davlatimiz rahbari qarori bilan Navro‘zni xalq sayli sifatida barcha qishloq va mahallalarda keng nishonlash belgilangani azaliy qadriyat va milliy urf-odatlarimizga yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi “To‘da” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Xo‘jamurodov. – Shunga muvofiq, mahallamizda bayram o‘tkaziladigan maydonlar, uy-joy va ko‘cha-xiyobonlar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. Gulzorlar barpo etilib, turli mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Sayl o‘tkazilayotgan maydonda o‘tovlar o‘rnatilib, qadimiy dehqonchilik asbob-uskunalari, hududning o‘zigagina xos kulolchilik buyumlari, gilam, so‘zana kabi milliy matolar, turli hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘pkari, kurash, arqon tortish, chillik, bel qisdi, tuxum ko‘tardi kabi xalq o‘yinlari, milliy taomlar ko‘rik-tanlovlari bayramning yanada mazmunli o‘tishiga xizmat qildi. Mahallamizda bugun boshlangan Navro‘z sayli qadimiy an’anaga ko‘ra bir oy davom etadi. Ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari aniqlanib, munosib rag‘batlantiriladi. Keksalar va bemorlar holidan xabar olinib, sovg‘a-salomlar beriladi.

To‘da mahallasida 1 ming 700 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. 100 yoshdan oshgan Qimmat momo Daminova va Norxol momo Xo‘janazarova mahallaning piru badavlat onaxonlaridir. Mustaqillik yillarida butun yurtimizda bo‘lgani kabi Ketmonchopti tog‘i etaklarida istiqomat qilayotgan To‘da qishlog‘i ahlining ham turmush sharoitini yuksaltirishga zamin yaratildi. Tog‘ odamlarining ham hayotga, mehnatga munosabati, dunyoqarashi o‘zgardi. Tadbirkorlik, fermerlik oilalarning obod va farovon turmush manbaiga aylandi. Bog‘dorchilik, milliy hunarmandlik rivojlanmoqda. Bugun birgina tog‘li mahallada o‘ttizga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tayyorlayotgan qadimiy uslubdagi toltovoq, yog‘och qoshiq, beshik va boshqa buyumlar uzoq tumanlarda ham xaridorgir. Yigirmadan ortiq bog‘dorchilik va ikkita g‘allachilik fermer xo‘jaligida sarxil meva, uzum, don va boshqa ziroatlar yetishtirilmoqda.

– Esimni tanibmanki, qishlog‘imizda Navro‘z bayram qilinmagan yilni eslolmayman. Navro‘z taqiqlangan yillarda ham biz bayram qilardik, hatto ocharchilik, urush yillari ham barcha uyidan topganini olib chiqib, keng adirda birga baham ko‘rganmiz, – deydi to‘dalik 90 yoshli Oysara momo Jumayeva. – Dehqonchilik mavsumining boshlanishini yoshu keksa bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, qarshi olardik. Qariyalarimiz el-yurtga tinchlik, omonlik, rahbarlarga insofu diyonat, yoshlarga baxt-saodat tilab, duo qilishardi. Yaratganga shukr, mustaqillik bo‘lib, hamma yoqda omonlik bo‘ldi. Navro‘z ham shunday. Qishlog‘imiz borgan sari chiroyli bo‘lib bormoqda. Bayram dasturxonlarimizdan dil yayraydi, ko‘z quvnaydi. Bunday ulug‘ kunlarda keksalarimiz o‘tgan og‘ir yillarni esga olib, bugungi dorilomon kunlarga shukrona aytmoqda. Ozod va obod yurtimizga osoyishtalik, davlatimiz rahbariga uzoq umr tilayotir. Nevara-chevaralarimizning xursandchiligini ko‘rib, shu kunlarga yetkazganiga behisob shukrlar aytib o‘tiribmiz. Bunday ezgu amallarning barchasi mamlakatimizdagi tinchlik, xotirjamlik va xalqimizga xos bag‘rikenglik, oqibatlilik samarasidir.

Boysun tumanidagi tog‘li Xo‘jabulg‘on, Sherobod tumanidagi Zarabog‘, Qizilolma, Muzrabot tumanidagi Chegarachi, Bog‘i Eram, Angor tumanidagi Dehqonittifoq, Yangi turmush, Yuqori Tallimaron mahallalarida tashkil etilgan halq sayllarida ham mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik kabi xalqimizga xos olijanob fazilatlar o‘z ifodasini topdi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, millatlararo totuvlik, oilalarimiz baxtu saodati, yosh avlod tarbiyasi va kelajagi, do‘stlik va insoniylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tantanasi keng namoyon bo‘ldi.

Tinch va osoyishta yurtga, farovon turmushga shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usi mustahkam elga bayramlar yarashadi. Viloyat ahli bayram arafasida hasharlar tashkil etib, keng ko‘lamli obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Yangi bog‘-rog‘lar, gulzorlar barpo etilayotir. Bayramga topshiriladigan korxona va xizmat ko‘rsatish binolari, ko‘p qavatli va yangilangan loyihalar asosidagi namunaviy uy-joylar, boshqa ijtimoiy inshootlar atrofida bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Viloyat, shahar va tumanlarning xalq sayllari o‘tkaziladigan asosiy maydonlari, dam olish maskanlari tartibga keltirilib, aholi uchun zarur sharoitlar yaratilayotir.

Viloyat mahallalarida xalq sayli sifatida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 785






Все о погоде - Pogoda.uz