O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Suratlarda hayot aksi, minnatdorlik hissi...

Suratlarda hayot aksi, minnatdorlik hissi...

Rassom Yigitali Tursunnazarov 50 yildirki ijod bilan mashg‘ul. Uning halol va fidokorona mehnati mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi mukofotiga munosib topildi.

Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti professori, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, akademik Y.Tursunnazarov 1941 yili Farg‘ona viloyatining Rafiqon qishlog‘ida tavallud topgan.

Ijodga yo‘l...

– Bolaligim dashtu dalalarda o‘tgan, – deydi Y.Tursunnazarov. –Maktabdan kelib ota-onamga ko‘maklashish uchun opa-ukalarim bilan dalaga chiqib ketardik. Adabiyot va she’riyatga mehrim bo‘lakcha edi. U paytlarda hammaning uyida radio bo‘lardi. Radioda she’rlar o‘qilsa men to‘xtab qolardim. Lirik obrazlar menga kuchli ta’sir qilardi.

photo5253481349837335636.jpg

San’atga kirib kelish hayotingizni qanday boshlab olishingizga bog‘liq. Qishlog‘imiz Tojikiston bilan chegara hududda joylashgan. Muqimiy, Furqat, Hamza domlalar Qo‘qondan Tojikistonga o‘tib qaytganida bizning qishloqqa ham to‘xtab o‘tishgan. Xalq bilan uchrashgan. Ba’zan bizning mahallada mehmon bo‘lib, kechasi bilan suhbatlashib o‘tirishardi. Ularga men va men kabi tengdoshlarim xizmat qilardik. Shoirlarning suhbati, hayot tarzi men uchun juda qiziq edi. Ularni eshitib ijodga mehrim yanada oshardi. Ana shunday ijodiy kechalar, ijodga bo‘lgan mehr meni Toshkent teatr va rassomchilik institutiga boshlab keldi.

photo5253481349837335658.jpg

O‘qishni tamomlagach P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida uch yil o‘qituvchilik qildim. Qarasam ish, tirikchilik deb, ijod qilishga vaqtim qolmayapti. Keyin ishni topshirdim va faqat ijod bilan shug‘ullandim. Lekin moliyaviy tomondan juda qiynaldim. Bo‘sh vaqtlarimda kirakashlik qilib oilamni boqdim. Ustozlarimning “Qattiq mehnat qilmas ekansan, natijasini ko‘rmaysan“ degan o‘gitiga amal qilib, o‘z ustimda tinim bilmay ishlardim.

Ana shunday mehnatlarim hosilasi sifatida 1989 yilda ilk bor ko‘rik-tanlovda qatnashdim. Tanlovga qo‘yilgan “Orol ko‘z yoshlari” va “Rapqonlik zahmatkashlar” nomli asarim menga chinakam omadni olib keldi. Shu ko‘rgazmada Hamza nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritdim.

Nohaqliklardan charchagan rassom

1997 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil etildi. Katta yig‘ilish o‘tkazilib, unda maxfiy ro‘yxat bo‘yicha 25 ijodkor akademik bo‘ldi. Yig‘ilishda buni e’lon qilishganida hamma jim o‘tirardi. Shunda men chidab turolmadim. O‘rnimdan turdimda “To‘xtang bu nomzodlarning ishini ko‘rsatinglar, ko‘raylikchi nimaga qodir ekan. Ichidan keyin arziydiganlarini ajratib olaylik” dedim. Ro‘yxatni tuzganlardan biri turib “Siz aytgan narsa keyin, har uch yilda qabul bo‘lib saylanadi, hozir ovoz berasizlar” dedi.

Biz qo‘l ko‘tarib, ovoz berishimiz kerak bo‘lgan odamlarni o‘zimiz tanimasdik. Aniqrog‘i ro‘yxatda kimlar borligini bilmasdik. Shu bilan ro‘yxatdagi odamlar familiyasi o‘qildi. Hamma qo‘l ko‘tarib tasdiqladi. O‘sha 25 akademik ichida umuman ijod qilmagan “rassomlar“ ham, bu darajaga arzimaydigan ijodkorlar ham bor ekan. Uch yildan keyin ko‘rsatilgan 45 nomzod ichida men ham bor edim. Shu tariqa 1999 yili akademiklikka erishdim.

O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga erishish hayajonlari

Ushbu unvonga meni tavsiya qilishgandan keyin fotolarimni ko‘rib chiqib menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular 20 ta ijodiy ishimni elektron variantini so‘rashdi. Bu asarlarim hozirda mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan “Saida Zunnunova”, “Qora xat”, “So‘nggi maktub”, “Xayol”, “Rapqonlik zahmatkashlar” va shu kabi kartinalarim edi. Haqiqat bor ekan, uzoq yillik mehnatim mahsuli evaziga meni O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga munosib ko‘rishdi. Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga ko‘p rahmat. Bu e’tibordan xursandligimdan hozirda falsafiy fikrda yuribman. Demoqchimanki, zo‘r bir asar yaratish, xususan, Odam Ato va Momo Havo davridan tortib hozirgi davrning bir ko‘rinishini, yangiliklar va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan fantastik va falsafiy asar yaratish niyatim bor. Vatanim, Prezidentim va hayotga bo‘lgan muhabbatimni, hurmatim va rahmatimni shu asarim orqali bildirmoqchiman.

Yaxshi rassom bo‘lish uchun...

Portret yaratish odamni o‘zidek o‘xshatish emas, balki uning ruhiyati, ichki dunyosini, obrazini ochib berish demakdir. O‘z navbatida, bunda rassom ichki dunyosi, uning hissiyotlari va qarashlari ham muhim rol o‘ynaydi. Yaxshi rassom, yaxshi ijodkor bo‘lish uchun, avvalo, inson qalbi ezgulikparast bo‘lishi kerak. Har bir narsadan, qanday holatda bo‘lishidan qat’iy nazar, uning yaxshi tomonlarini ko‘ra oladigan sinchkov inson bo‘lishi talab qilinadi. Shuningdek, ijodkorning tasavvuri juda keng bo‘lishi zarur. Rassom zo‘r rasm chizishi mumkin, lekin u rassom bo‘la olmasligi mumkin. Rassom hayotiy obrazni ichki dunyosi, hissiyotlari va ranglar bilan tasvirlab bera olishi kerak. Toki, rasmni ko‘rgan odam hech qanday izohlarsiz undagi hayotni his qila olsin.

3 995
O‘zA muxbiri Gulnoza BOBOEVA yozib oldi.