Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.08.2018 16:36 Chop etish versiyasi

Suratlarda aks etgan ko‘ngil

Suratlarda aks etgan ko‘ngil Iste’dodli rassom O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Temur Sa’dullayev o‘z asarlarida Vatanni sevish, hayotga muhabbat va bobolarimiz tomonidan qoldirilgan madaniy-ma’naviy merosni talqin etadi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Temur Sa’dullayevning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Ko‘ngil shuuri chizgilari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Rassom 1948 yilning 20 aprelida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida dunyoga kelgan. Tasviriy san’atning dastgohli rangtasvir, mahobatli rangtasvir va kitob grafikasi yo‘nalishlarida ijod qilib kelmoqda.

U ustoz Chingiz Axmarov bilan birgalikda Samarqanddagi “Yulduz” choyxonasi, Respublika Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti binosi, Buxoroda Abu Ali ibn Sino nomidagi Madaniyat saroyini devoriy suratlar bilan bezagan.

Abu Ali ibn Sinoning 1000 yilligi munosabati bilan “Afshona” choyxonasiga to‘qqizta devoriy surat tushirgan. 1991 yili Alisher Navoiyning 550 yillik tavalludi munosabati bilan Adabiyot muzeyining “Xamsa” zali devorlariga beshta devoriy surat pannolar kompozitsiyalarini yaratdi.

Temur Sa’dullayev kitob grafikasi va bezak san’ati rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shdi. U Alisher Navoiy va Zaxiriddin Muhammad Boburning ikki jildlik kitoblarini naqshli bezaklar bilan nashrga tayyorladi. Bundan tashqari bir nechta xalq dostonlariga bag‘ishlangan illyustratsiyalar ishlagan.

Samarali ijodiy faoliyati uchun rassom O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Kumush medali” hamda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, unvoni bilan taqdirlangan.

Ushbu ko‘rgazma ekspozitsiyasidan joy olgan asarlar buyuk ajdodlarimizning madaniy va ma’naviy merosini qanchalik boy va rang-barang ekanligining yorqin misolidir. Ayniqsa, ijodkorning tarixiy allomalarga bag‘ishlangan asarlari alohida diqqatga sazovor.

Bugungi ko‘rgazma ekspozitsiyasidan rassomning 60 ga yaqin rangtasvir va kitob grafikasi uslubida ishlangan kompozitsiyalari o‘rin olgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
2 729