O‘zA O`zbek

28.08.2018 17:33 Chop etish versiyasi

Sunnat toʻyi muborak toʻybolalar

Sunnat toʻyi muborak toʻybolalar Fargʻona viloyatining Buvayda tumanidagi aholi va dam olish maskanida 35 bolaning sunnat toʻyi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy va maʻnaviy qoʻllab-quvvatlash, milliy qadriyatlarimizning asosi – mehr-muruvvat, saxovat, bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga katta eʻtibor qaratilmoqda. Mazkur xayriya tadbiri ham ana shunday ezgu qadriyatlarning namoyishi boʻldi.

Milliy liboslardagi bolalar “Sunnat toʻylaringiz muborak boʻlsin, baxtiyor toʻybolalar!” qutlovi ilingan davraga karnay-surnay sadolari ostida kirib keldi. Viloyat maktabgacha taʻlim boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tantanada toʻy bolalarning ota-onalari, qarindosh-urugʻlari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Mazkur tadbir yosh avlodga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasi boʻldi, – deydi Fargʻona viloyati maktabgacha taʻlim boshqarmasi boshligʻi Yulduzxon Xoʻjayeva. – Tumandagi kam taʻminlangan oilalarning maktabgacha taʻlim muassasalarida tarbiya olayotgan farzandlariga mazkur xayriya sunnat toʻyini tashkil qildik. Davraning toʻrida milliy liboslarda oʻtirgan bolalaru ularning ota-onalari va yaqinlarining quvonchlari cheksiz. Bularning barchasi yurtimizda inson manfaatlariga boʻlgan yuksak eʻtibor samarasidir.

Sanʻatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Tashkilotchilarning sovgʻa-salomlari topshirildi. Minnatdor yuraklar yolqini nuroniylar duosi, ota-onalar tashakkuriga ulandi.

M.Sulaymonov, OʻzA
2 102