Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 16:04 Chop etish versiyasi

Sun Litsze: Navro‘z – qadimiy milliy qadriyatlar timsoli, mehr-oqibat, saxovat va ezgulik ramzi

Yilning eng ajib va go‘zal fasli bahor kirib keldi. Navro‘z ayyomi ham tobora yaqinlashmoqda. Bu bayram o‘zining tarixi, falsafasi, go‘zalligi bilan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Navro‘z arafasida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston nafaqat noyob tarixiy yodgorliklari, muqaddas qadamjolari, zamonaviy binolari, balki turfa an’ana va urf-odatlari bilan bilan ham dunyoga mashhur. O‘zbekistonda har bir bayram mazmunli, shodu xurramlik bilan o‘tadi.

Navro‘z yurtingizda azaldan an’anaviy nishonlanib kelinayotgan bayramlardan biridir. Qadimgi milliy qadriyatlar timsoli bo‘lgan ushbu bayram xalqingizning bag‘rikenglik, yaxshilik, saxovat va mehr-muruvvat kabi olijanob fazilatlarini namoyon etadi.

Men O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik urf-odat, an’ana va qadriyatlarini chuqur hurmat qilaman. Mamlakatingizda milliy qadriyatlar va an’analarni qayta tiklash, ularni chuqur o‘rganish, yanada rivojlantirish va targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga loyiqdir.

O‘zbekistonning bahor kelishi bilan o‘zgacha tus olib, yanada chiroy ochishi unutilmas taassurot qoldiradi. Navro‘z arafasida har bir hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, hashar o‘tkazilishi an’anaga aylangani diqqatga sazovordir. Bunday ezgu an’analar odamlarni jipslashtirib, jamiyatda tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik muhitini yanada mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Mamlakatingizda Navro‘zni keng nishonlash go‘zal an’anaga aylangan. Bu bayramni bir necha yildan buyon O‘zbekiston xalqi bilan birgalikda nishonlayotganimdan xursandman. Toshkent shahridagi maydon va xiyobonlar, barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram sayillarini intiqlik bilan kutaman.

– Elchi janoblari, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida ham so‘zlab bersangiz?

– Joriy yil mamlakatlarimiz uchun alohida ahamiyatga ega yil ekanini ta’kidlashni istardim. Negaki, bu yil o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25-yil to‘ldi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 2016-yil Xitoy va O‘zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilmoqda, o‘zaro ishonch yuksalib, xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora kengaymoqda. Davlatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalarni hal etishda yaqin hamkorlik qilmoqda va ularning bu boradagi fikrlari ko‘p jihatdan bir-biriga mos keladi. Xususan, 2016-yil iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda XXR Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha marta muloqotda bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istagi mushtarakligini bildirdi.

Xitoy va O‘zbekiston xalqlarini azaldan o‘zaro savdo munosabatlari, madaniyatlarni boyitish rishtalari bog‘lab kelgan. Bugungi kunda siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta’lim va madaniyat kabi turli jabhalardagi hamkorligimiz yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.

Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari ShHT doirasida ham jadal rivojlanmoqda.

Mamlakatlarimiz qator yirik investitsiya loyihalarini birgalikda hayotga tatbiq etmoqda. 2013-yili "Jizzax" maxsus industrial zonasi shaklida tashkil qilingan yuqori texnologiyalar sanoat parki bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ushbu erkin iqtisodiy zona va uning Sirdaryo viloyatidagi filialida mobil telefonlar, tikuvchilik mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Angrenda Xitoyning "Poli Texnoloji" kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyyer lentalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvuri tarmoqlarining O‘zbekiston orqali o‘tishi yoqilg‘i-energetika sohasidagi ulkan salohiyat va o‘zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) mamlakatingizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, fan, ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. “O‘zbekiston – Xitoy” hamda “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari bu borada muhim o‘rin tutmoqda. So‘nggi yillarda talabalar almashish, xitoy tilini o‘qitish, mintaqalararo aloqalar, qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazish, badiiy asarlarni har ikki tilga o‘girish bo‘yicha yangi yutuqlarga erishildi. Madaniy-gumanitar hamkorlik esa mamlakatlarimiz xalqlarining qalbiga o‘zaro hurmat tuyg‘ularini chuqur singdirmoqda. Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkentda tashkil etilgan Konfutsiy institutini so‘nggi 12-yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan 3 mingdan ziyod mutaxassis bitirdi. Xitoy qadimgi madaniyat yodgorliklari ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Xitoy Shimoli-G‘arbiy universiteti mutaxassislari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan arxeologik tadqiqotlar olib borish va tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ishlamoqda, Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga harakat qilmoqda. O‘tgan yili xitoylik mashhur yozuvchi Lao Shening «Mushuklar shahri xotiralari» asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Shu bilan birga, Xitoy O‘zbekistonga mintaqaviy transport uzeli sifatida alohida e’tibor qaratadi va bu borada o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor. Barcha sohalardagi o‘zaro hamkorlik Xitoy va O‘zbekiston xalqlari farovonligi yo‘lida yanada mustahkamlanishiga ishonaman.

– Janob elchi, O‘zbekistonda davlat va jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijalarini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlat. Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasini ishonchli hamkor, deb biladi. Biz O‘zbekiston xalqining milliy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tanlagan taraqqiyot yo‘lini, mustaqillikni mustahkamlash, suvereniteti va hududlar yaxlitligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini hurmat qilamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekiston fuqarolarining hayot darajasi muttasil ortib bormoqda. Mamlakat bozor iqtisodiyotiga ega va ijtimoiy-siyosiy jihatdan barqaror industrial rivojlangan davlatga aylanmoqda va bu mustaqilikka erishilgandan so‘ng siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy sohalarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir. Sanoat, jumladan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning jadal sur’atlar bilan o‘sib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiya oqimi ko‘payib borayotgani va, ayniqsa, chet ellik sheriklar uchun biznes muhitining muntazam takomillashtirilayotgani, erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilayotgani bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Shu yilning 7-fevralida tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilangan. Strategiyani amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda islohotlarni ilgari surish, iqtisodiyotning ochiqligini rivojlantirish va rag‘batlantirish, investitsiyalar jalb etish bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Mamlakatingizning islohotlar va ochiqlik siyosatidan Xitoy ham manfaatdor.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ichki investitsiyalardan unumli foydalanish samarasida O‘zbekiston kelajakda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishda yuksak marralarga erishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida iqtisodiyotni barqaror yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish inson manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilishi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlatning xalq bilan muloqoti borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir. Bu, o‘z navbatida, aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabriklayman. O‘zbekiston va uning do‘st xalqiga chin dildan tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Nodira Manzurova, O‘zA
4 393






Все о погоде - Pogoda.uz