O‘zA O`zbek

01.08.2018 22:00 Chop etish versiyasi

Suma Chakrabarti: Qo‘shma loyihalar yuksak samara berishiga ishonamiz

Suma Chakrabarti: Qo‘shma loyihalar yuksak samara berishiga ishonamiz O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) o‘rtasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bu haqda YETTB prezidenti Suma Chakrabarti O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– So‘nggi bir yarim yilda YETTB va O‘zbekiston hamkorligida yangi sahifa ochildi.

O‘tgan yil mart oyida mamlakatingizga ilk tashrifim chog‘ida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, bank-moliya sektorini qo‘llab-quvvatlash, qishloq infratuzilmasi va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, shuningdek, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va boshqa sohalardagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan edi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bu boradagi keng miqyosli dastur va loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama etdik. Muloqot chog‘ida mamlakatingiz hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning aniq yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, bank-moliya tizimi, kommunal sohani rivojlantirish, energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotga xususiy investitsiyalar jalb etish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish masalalarini ko‘rib chiqdik.

Mamlakatingizga investitsiyalar jalb qilish hamkorligimizning muhim sohasidir. O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, xorijiy investitsiyalar jalb qilishning samarali mexanizmlari tatbiq etilayotgani xalqaro bank-moliya muassasalarini yurtingiz bilan faol hamkorlik qilishga chorlamoqda. O‘ylaymizki, O‘zbekiston iqtisodiyoti va hududlarini izchil rivojlantirishda qo‘shma loyihalarimiz o‘zining yuksak samarasini beradi.

Matnazar Elmurodov yozib oldi, O‘zA
2 554