O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.01.2019 08:00 Chop etish versiyasi

Sugʻorishning yangi usuli tejamkorligi bilan ahamiyatli

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz suv xoʻjaligida islohotlarni jadallashtirish, soha moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Ekinlarni sugʻorishda ilgʻor usullar, jumladan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur usul oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari cheklanganlik sharoitida kam suv sarflab yuqori hosil olish imkonini berishi bilan ajralib turadi.

Bunga sugʻorish rejimining oʻziga xosligi, bugʻlanishning pastligi, suvning bekorga isrof boʻlmasligi muhim ahamiyat kasb etayotir. Shu orqali suv oʻsimlikka shlanglar vositasida yetkazib berilgani uchun dala tuprogʻi qotmaydi, natijada qator oralariga ishlov berishga ehtiyoj tugʻilmaydi. Tuprogʻi qotmagan maydon esa mavsum oxirida sifatli va oson haydaladi. Oʻgʻit suv bilan birga berilgani bois, oʻgʻitlash uchun ortiqcha texnika ishlatishning zaruriyati yoʻqoladi. Natijada yonilgʻi-moylash materiallari tejalib, dehqonlarning mehnati keskin kamayadi.

Sohada ushbu usulni intensiv bogʻlarda, sabzavotchilik va polizchilik tarmoqlarida ommalashtirgan dehqon-fermerlarimiz saʼy-harakati tufayli tabiiy va moddiy resurslar tejalmoqda. Shu bilan birga, hosildorlik oshib borayotir. Bu mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini uzluksiz va arzon narxlarda yetkazib berishga imkoniyat yaratdi.

Mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 43 ming 26 gektar yer maydoni yoki umumiy ekin maydonining 1 foizi tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllagan holda sugʻoriladi. Shundan 30 ming 395 gektari bogʻdorchilik, 1 ming 550 gektari tokzor, 10 ming 177 gektari sabzavot-poliz ekinlari hamda 895 gektari paxta uchun joriy etilgan.

Shu oʻrinda tomchilatib sugʻorish texnologiyasining joriy qilinishi Isroilda 140,6 ming (umumiy sugʻoriladigan maydonning 74 foizi), Turkiyada 340 ming (17 foizi), Saudiya Arabistonida 731 ming (17 foizi), Xitoyda 5 ming 270 gektar ( 9,7 foizi), AQSHda 1 ming 640 ming (7,3 foizi), Hindistonda 2 ming 180 ming (6 foizi), Ispaniyada 1 ming 897 gektar (5 foizi) ni tashkil etadi.

– Ayni paytda ushbu texnologiya uchun talab etiladigan jihoz va anjomlar mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Rustam Qarshiyev. – Bu esa tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish tannarxini pasaytirishning muhim omillaridan biri boʻlmoqda. Suv xoʻjaligi vazirligi aholiga suvni tejash texnologiyasi boʻyicha kerakli axborotlarni yetkazish choralarini koʻrmoqda. Dastlabki saʼy-harakatlardan biri 2018 yilda ishlab chiqilgan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” bilan “TOMCHI” mobil ilovasi yaratildi. Mazkur mobil ilova Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan. U fermerlar, suv xoʻjaligi tashkilotlari xodimlari va yer maydonlarini sugʻorishda suv tejamkorligi texnologiyasini ishlab chiqaruvchi, foydalanuvchi fuqarolar uchun moʻljallangan.

Dastur sugʻorishda tejamkorlik metodlari haqidagi axborotlarga tezkorlik bilan ega boʻlish, ularning afzalliklari va suv texnologiyalarining taxminiy bahosini hisoblash imkonini beradi. Bu orqali foydalanuvchi oʻzi rejalashtirgan loyihaga qancha miqdorda mablagʻ ajratish mumkinligini bilib oladi.

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Green Organics” agrofirmasi AQSHning “MB Group Holding LLC” kompaniyasi va tumandagi “Irkin Bijjanov” fermer xoʻjaligi hamkorligida tashkil etilgan. Xoʻjalikda 44 gektar intensiv bogʻ mavjud boʻlib, bodom, olma, olxoʻri, uzum va nok kabi mevali daraxt koʻchatlari ekilgan. Mazkur bogʻ tumandagi adir yerda joylashgani uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan. Bu esa suvning birdek taqsimlanishi hisobiga dala boʻylab namlik bir meʼyorda tarqalishini taʼminlaydi.

– Joriy etilayotgan zamonaviy sugʻorish texnologiyasi suvdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi, – deydi “Green Organics” agrofirmasi rahbari Jamshid Roziqov. – Oʻtgan yilda koʻchatlarimiz asta-sekin hosilga kirdi. Koʻchatlarni parvarishlash boʻyicha xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilamiz. Agrofirmamizda 10 nafar aholi ish bilan taʼminlangan. Mavsumda ishning salmogʻiga qarab, yana qoʻshimcha mavsumiy ishchilar jalb etiladi.

Prezidentimizning 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq xoʻjaligi ekinlari, ayniqsa, gʻoʻza hosildorligini oshirishda dolzarb vazifalar belgilab berildi. Qarorda paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilishni ragʻbatlantirish va koʻllab-quvvatlash maqsadida, ushbu sugʻorish tizimini joriy qilgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining xarajatlarini davlat tomonidan subsidiyalash, chetdan olib kelinadigan tomchilatib sugʻorish tizimi uskunalarini bojxona toʻlovlaridan ozod qilish va boshqa bir qator imtiyozlar berildi.

– Respublikamiz boʻyicha 200 gektardan ortiq maydonda mazkur usuldan foydalanib paxta xomashyosi yetishtirildi,– deydi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi Shavkat Abdullayev. – Jumladan, 2018 yilda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida “Peng Sheng” qoʻshma korxonasi tomonidan 55 gektar, Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida “Surxon oltin mevasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 60 gektar, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida “Ishtixon Nurli davr” fermer xoʻjaligining 134 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish tizimi sinovdan oʻtkazildi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, tomchilatib sugʻorishning anʼanaviy sugʻorib dehqonchilik qilinganga qaraganda suv sarfi 70 foizga iqtisod qilingan boʻlsa, shunga mos ravishda urugʻlik sarfi, transport va mexanizatsiya xarajatlari 50 foizga, mineral oʻgʻitlar sarfi 60 foizga, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari 65 foizga kam. Oʻrtacha hosildorlik anʼanaviy sugʻorishga nisbatan 1,5-2 barobarga yuqori boʻlgan.

Mazkur qaror bilan 2019-2020 yillarda paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda Suv xoʻjaligi vazirligi va bir qator hamkor vazirlik-idoralar, viloyatlar hokimliklariga tegishli topshiriqlar belgilandi. Jumladan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta xomashyosini yetishtirishda qoʻllaniladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, mashina va mexanizmlar, shuningdek, paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta xomashyosini yetishtirishda foydalaniladigan suvda eruvchan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Coha istiqboliga oid olib borilayotgan bu kabi ishlar, erishilayotgan natijalar, avvalo, xalqimiz farovonligi uchundir. Endi fermer va dehqonlarimiz bu kabi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib, yuqori hosil olish va ortiqcha suv sarfini kamaytirishni asosiy vazifa qilib olishi zarur.



Abdulaziz Musayev, OʻzA