O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 19:53 Chop etish versiyasi

Sugʻdda Samarqand kunlari oʻtkazildi

Avval xabar berganimizdek, 2018 yil 7-9 sentyabrda Tojikiston Respublikasining Sugʻd viloyatida Samarqand kunlari oʻtkazildi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov boshchiligidagi viloyat faollari, tadbirkorlar, yirik sanoat korxonalari vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, sportchilar Sugʻd viloyati rahbariyati hamda aholi tomonidan tantanali kutib olindi.

Xoʻjand shahrida Sugʻd viloyati raisi R.Ahmadzoda va Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning uchrashuvida Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining oqilona, xalqparvar siyosatlari tufayli keyingi yillarda xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalari yanada mustahkamlanayotgani taʼkidlandi. Ikki davlat hududlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik natijasida bugungi kunda Samarqand va Sugʻd viloyatlari oʻrtasida ham savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayib bormoqda. Ikki viloyat vakillari Navroʻz bayramini birgalikda nishonladi. Joriy yil aprel oyida Samarqandda Sugʻd viloyati kunlari oʻtkazilib, uning doirasida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum va sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etilgan va 107 million dollarlik 170 ga yaqin shartnoma va memorandum imzolangan edi. Shuningdek, ikki viloyat sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi, madaniy tadbirlar va sport musobaqalari oʻtkazilgan edi.

Xoʻjanddagi Samarqand kunlarida bu anʼana davom ettirildi.

Ikki viloyat ishbilarmonlarining biznes forumi va Samarqand viloyati sanoat korxonalari, tadbirkor va hunarmandlari mahsulotlari koʻrgazmasida ikki viloyat rahbarlari soʻzga chiqib, ishbilarmonlarning hamkorlikdagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashlari va buning uchun keng imkoniyatlar yaratilishini qayd etdi.

– Oʻzbekiston bilan aloqalar yaxshilanganidan soʻng Sugʻd doʻkonlarida Samarqandda ishlab chiqarilgan oziq-ovqatlar sotila boshlandi, – deydi xoʻjandlik Sanobar Hakimova. – Bu mahsulotlar sifati va arzonligi bilan qisqa vaqtda oʻz xaridorlarini topdi. Hozirda koʻpchilik bozor yo doʻkonda Oʻzbekistondan keltirilgan mahsulotlarni soʻraydi.

Samarqandlik tadbirkorlar Sugʻd erkin-iqtisodiy zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda 20 dan ortiq korxona bir necha turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Samarqand kunlari ishtirokchilari Xoʻjand shahrida Tojikiston Respublikasi mustaqilligining 27 yillik bayrami tantanalarida ham ishtirok etdi. Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov Sugʻd viloyati ahlini bayram bilan tabrikladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida ikki viloyat sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Samarqandning “Dinamo” va Sugʻdning “Xoʻjand” futbol jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazildi.

– Biz samarqandliklarning yurtimizga kelishini intizorlik bilan kutdik, – deydi Sugʻd viloyati raisi oʻrinbosari Nazira Gʻaffori. – Bu yil samarqandlik doʻstlarimiz bilan esda qolarli va iliq uchrashuvlarga boy boʻldi. Masalan, biz ular bilan Navroʻz tantanalarini birga nishonladik. Samarqandda Sugʻd viloyati kunlarida ishtirok etdik. Endilikda bu aloqalarimiz bardavom boʻladi, albatta.

Gʻolib Hasanov, OʻzA