Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 20:44 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda “Sudyalarni tanlash, tayinlash bo‘yicha qiyosiy yondashuvlar va sudyalar faoliyatini baholash” mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Xalqaro yuristlar komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, sudyalar, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi hamda Germaniya, Avstriya, Irlandiya, Serbiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan ekspertlar, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi M.Usmonov va boshqalar mamlakatimizda sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, mustaqil, turli xil ta’sirlarga qarshi tura oladigan yuksak malakali sudyalar korpusini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2017-yil 7-apreldan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy organ maqomi berildi. Ushbu tuzilma faoliyati bilan bog‘liq masalalar “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topgan.

Bu huquqiy asoslar kengashga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirishning muhim kafolati bo‘ldi.

Qonunchilikka ko‘ra, kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kengash a’zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi.

– Haqiqat va adolatni qaror toptirishda sudyalar muhim rol o‘ynaydi va shu boisdan har qanday jamiyatda ular muhim o‘rin tutadi, – deydi Xalqaro yuristlar komissiyasining Yevropadagi dasturlari bo‘yicha direktori Raushin Pilley. – Munosib kadrlar bu jarayonga jalb etilishi va o‘z navbatida ular himoyalangan bo‘lishi ham darkor. Shu jihatdan O‘zbekistonda sud tizimining, sudyalarni tanlash va tayinlashning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilgani e’tiborga loyiq.

Mamlakatimizda Sudyalar oliy kengashi ish boshlashi bilan sudyalarni tanlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirishning hozirgi zamon talablari va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan yagona tizimi yaratildi. Bu islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Xalqaro seminarda ekspertlar, sudyalarni tanlash va tayinlash bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvchi organlar va institutlar vakillari sudyalar ish faoliyatini baholash standartlari yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 245






Все о погоде - Pogoda.uz