Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 11:13 Chop etish versiyasi

Sudyalarni tanlash va tayinlash ishlari muhokama qilindi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi kerak. Adolat va ma’naviyat – o‘zaro chambarchas bog‘liq tushunchalardir. Ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmaydi.

Sudyalarni tanlash va lavozimiga tayinlash maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi ana shu talablar asosida faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtimizda Sudyalarning oliy malaka hay’ati va sudyalar malaka hay’atlarining 2017-yilning o‘tgan davridagi ishlari, sohadagi muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Sudyalarning oliy malaka hay’ati, shuningdek, sudyalarning malaka hay’ati raislari, a’zolari va kotiblari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor 2017-yil 13-iyunda sud tizimi xodimlari bilan uchrashuvda Prezidentimiz qo‘ygan vazifalar ijrosiga qaratildi.

Sudyalar oliy kengashi raisi M.Usmonov va boshqalar sud organlarining chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Sudyalik lavozimlarga nomzodlar eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan tanlab olinmoqda. Sudyani keyingi muddatga tayinlashda uning sud qarorlarini qonuniy va adolatli chiqarganligi, ishda qatnashgan tomonlarning vajlarini sinchiklab, xolis va beg‘araz o‘rganib to‘g‘ri xulosa berishi tahlil qilinmoqda. Sudya faoliyat olib borgan hududda yashayotgan aholining, xususan, sudga ishi tushgan odamlar, keng jamoatchilikning fikri hisobga olinmoqda.

Sud raislari o‘z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot bermoqda. Ular tomonidan berilayotgan tavsifnoma Sudyalar oliy kengashi uchun sudya faoliyatiga baho berishda asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilayotir.

Yig‘ilishda sudyalar oliy malaka hay’ati va sudyalar malaka hay’atlarining hisobotlari tinglandi. Birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritish uchun tavsiya etilayotgan shaxslarni o‘rganishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari, sudyalik qasamyodi va sudyalar odob-axloqi kodeksiga rioya etilishi ustidan nazoratni susaytirganliklari tanqid qilindi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda keng jamoatchilikni jalb qilish orqali malaka hay’atlari tomonidan sudyalik lavozimiga har tomonlama yetuk, malakali, mehnat faoliyatida benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan nomzodlarni bo‘sh o‘rinlarga muqobillik asosida tavsiya etish, sudyalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Qonun bilan tasdiqlangan “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”, “Sudyalikka nomzodlarni zaxiraga kiritish mezonlari to‘g‘risida”, “Sudyalarni keyingi muddatga tayinlash (saylash)da ularning oxirgi ish joylaridagi faoliyati va keng jamoatchilik fikrini hisobga olish to‘g‘risida” va “Sudyalarning faoliyatiga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tavsifnomasi asosida baho berilishi to‘g‘risida”gi nizomlari talablariga qat’iy rioya etish, sudyalar tomonidan odob-axloq kodeksiga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha malaka hay’atlari raislarining mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda malaka hay’atlari tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar belgilab olindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 583






Все о погоде - Pogoda.uz