O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 16:04 Chop etish versiyasi

Sudyalarga xalq baho beradi

Sudyalarga xalq baho beradi
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga boʻlgan ishonchini qatʼiy mustahkamlash, sudni tom maʼnoda “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirish zarur.

Fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon boʻlishining oldini olish, ishlarni oʻz vaqtida koʻrmasdan, odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berilishi ham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan.

Ushbu vazifalarni toʻlaqonli ado etish maqsadida sud tizimi yangicha asosda tashkil etilibgina qolmay, faoliyati ham zamon, ayniqsa, xalq manfaatlariga moslashtirildi. Sudyalarning aholi bilan ochiq muloqotlari, sud majlislarini sayyor shaklda, aholi ishtirokida ochiq tashkil etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Har bir uchrashuvda, sayyor sud majlislaridan keyin sudyalar aholining fikriga quloq tutayotgani, ularning murojaatlari, muammolari oʻrganib chiqilib, hal etilayotgani tizimni tom maʼnoda xalqqa yaqinlashtirdi.

Ayni paytda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, elektron sud stenografiyasi, videokonferensaloqani keng joriy etish, sud qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlovchi idoralararo elektron maʼlumot almashish tizimi ham shakllantirilmoqda.

Poytaxtimizda Jinoyat, Maʼmuriy, Fuqarolik va Iqtisodiy ishlar boʻyicha Toshkent shahar sudlari raislari tomonidan Shayxontohur tumani aholisi bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda sud tizimidagi shu kabi yangiliklar haqida aytildi. Aholini qiziqtirayotgan, qiynayotgan masalalar yechimiga eʼtibor qaratildi.

– Davlatimiz rahbari sudyalar faoliyatiga, birinchi navbatda, xalqning oʻzi baho beradi, degan edi, – deydi Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi raisi Oʻtkir Xolov. – Aholi bilan yaqin muloqot qilish imkoniyati kengaygani sudyalarni xalqqa yaqinlashtirdi. Odamlarning sudyalarni taniyotgani, ularga ishonib dardini aytayotgani shu yoʻldagi muhim qadam boʻldi.

Tadbir davomida fuqarolardan oʻnlab murojaatlar tushdi. Ularning aksariyati davom etayotgan sud jarayonlari haqida boʻlsa, koʻpchiligi oʻrganishni talab etadigan murojaatlar boʻlgani uchun barchasi yozib olindi va tegishliligi boʻyicha sud raislariga taqdim etildi.

Shu bilan birga, ayrim shaxslarning pasport olish, uy-joy olish bilan bogʻliq savollariga ham zarur tushuntirishlar berildi. Bir necha fuqaro sud raislari bilan shaxsan uchrashib, muammosini maʼlum qilish uchun ularning qabuliga yozildi.

Bu kabi ochiq muloqotlar izchil davom ettiriladi.

N.Abduraimova, OʻzA